Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Xitoylik tadbirkorlar bilan uchrashib, kelishuvlarga erishdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.
Tyanszin shahridan boshlangan uchrashuvda “Cashway Fintech Co” kompaniyasi vakillari bilan muzokarala olib borildi.
Xususan, Andijonda lift ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘rib chiqildi. Tomonlar $30 mln investitsiya kiritib, loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
“Sinopharm” xalqaro korporatsiyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop farm mahsulotlarini Andijonda ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha hamkorlik kelishuviga erishildi.
Unga ko‘ra, “Sinopharm” hamda “Makro Farm Andijon” MChJ tomonidan Andijonda qiymati $50 mlnni tashkil etuvchi farm loyihasi amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, Tyanszin shahrida tashkil etilgan biznes forumda Xitoy kompaniyalarining O‘zbekistonga sarmoya kiritish kafolatlari va imkoniyatlari tanishtirildi.
Natijada, “Guoling IMP & EXP”, “Hebei Huigong Mechanical Equipment”, “Gao Shing”, “Shangdong Sinlu” hamda “Zhejiang Jinlun Electromechanic” kabi 10dan ortiq kompaniyalar o‘rtasida umumiy qiymati $1,2 mlrdlik shartnoma va memorandumlar imzolandi.
Unga ko‘ra, charm poyabzallar, elektromobillar uchun akkumulyatorlar va lift ishlab chiqarish faoliyatlari, metall konstruksiya loyihasi, qalampir yetishtirish va qayta ishlashga kelishildi.
Shuningdek, Xitoy kompaniyalari bilan Andijondagi 10ta hududga GES qurish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.
Avvalroq Xitoyning “Anhui Coronet Tech” kompaniyasi Xorazm viloyatida elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.