“Spot” tadbirkorlar va top-menejerlar ish faoliyatlari davomida nimalardan foydalanishlari haqida so‘zlab berishadigan “Ryukzakda nima bor?” nomli loyihani davom ettiradi.
Bu safargi materialda “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i marketing direktori Malik Karimov bilan suhbatlashdik.
U ish faoliyati davomida asosan nimalardan foydalanishi haqidagi savollarga javob berdi.
Uning ofisiga tashrif buyurib, ish stolini ko‘zdan kechirganimizda, u yerda kompyuter va qo‘shimcha monitorga ko‘zimiz tushdi.
Intervyuning to‘liq qismi bu yerda:
Tasma, telefon va quloqchin
16 yildan buyon ish faoliyatimda doim ryukzak tutib kelganman. Hozirgi kunda Shvetsiyaning “Thule” brendi mahsulotlaridan ko‘p foydalanaman.
Nafaqat ryukzagi balki, avtomobil va velosipedlar uchun kerakli asboblarni ham shu kompaniyadan olaman. Bu ryukzakni turmush o‘rtog‘im 3 yil oldin sovg‘a qilgan va uning sig‘imi 32 litrni tashkil etadi.
Unga har doim “Uzbekistan Airports"ning tasmasini ilib yuraman. Bu ryukzakni oson ochishda yordam beradi.
Yana 2 ta ruchka, qo‘shimcha tashrif qog‘ozlari, fleshka, ID karta va hamyonimni olib yuraman. Asosan, naqd pulga qaraganda bank kartalarini ko‘proq ishlataman.
Ikkita telefondan foydalanaman. Ikkinchi telefonim ko‘pincha ryukzagimda bo‘ladi.Birinchisining quvvati tugaganda uni ishlataman. “Samsung” modelidan doimiy foydalanishimni ham ko‘pchilik biladi.
Zaruriyat uchun bir nechta dorilarni ham o‘zim bilan olib yuraman. Shuningdek, oddiy ko‘zoynak, 3−4 yildan buyon esa “Bose” brendining quloqchinlarini ham ishlatib turaman. Quvvati 18−19 soatga bemalol yetadi.
Kitoblar
Hamma qatori menga ham kitoblar doimiy hamroh bo‘ladi. Yaqinda Dubayga safar paytida Gektor Garsiya va Franches Miralleslarning “Ikigai” kitobini xarid qildim. Hozirda bu kitobning bir qismini o‘qishni boshlaganman.
“Spot” izohi:
“Ikigai” — yaponiyalik yozuvchilar tomonidan yozilgan, uzoq va baxtli hayot sirlari haqidagi asar hisoblanadi. Mualliflar asarda uzoq umr ko‘rish va hayotdan mamnun bo‘lish falsafalari bilan mashhur bo‘lgan Okinava xalqi timsolida o‘z Ikigailarini kashf qilishlarini nazarda tutgan.
Planshet
Bu ryukzakni yana bir yaxshi tomoni yon tarafida noutbuk va planshet solishga mo‘ljallangan qismi ham bor. Uni yon tomonidan va ichki tarafdan ochsa bo‘ladi.
Oxirgi paytlarda qog‘oz daftarlarni ishlatmayapman, ularga qaraganda “Samsung” planshetlaridan foydalanish men uchun qulayroq.
Odatda ryukzagimda shu narsalarni doimiy olib yuraman. Ba’zi paytda qo‘shimcha kiyimlar ham qo‘shilishi mumkin.