“OpenAI” kelasi haftada o‘zining “GPT do‘koni"ni ishga tushiradi, deya xabar bermoqda “Bloomber” nashri.

Ushbu onlayn-do‘kon sun’iy intellekt modellarini ishlab chiquvchilarga “OpenAI” texnologiyasi asosida chatbotlarni almashish va sotish imkoniyatini beradi.

Ushbu botlar o‘rta maktab o‘qituvchilari uchun dars rejalashtirish kabi turli vazifalar uchun sozlanadi.

O‘tgan yili “OpenAI” bunday onlayn-do‘konni noyabr oyida ochishni rejalashtirayotganini aytgan edi.

Biroq u 2024-yil boshiga qoldirildi, deb yozadi “Axios”, “The Verge” va “TechCrunch” dasturchilarga yo‘llagan xatiga tayanib.

“Biz shu oyda GPT do‘konini ishga tushirishni rejalashtirgan edik, biroq bir qancha kutilmagan hodisalar ro‘y berdi”, deyiladi xabarda.

2023-yil 18-noyabrda “OpenAI” direktorlar kengashi bosh direktor Sem Altmanni ishdan bo‘shatishini va direktorlar kengashidan iste’foga chiqqanini e’lon qildi.

Dastlab texnik direktor Mira Murati bu lavozimga, keyin esa Twitch asoschisi Emmet Shear tayinlandi.

Kompaniya ishdan bo‘shatish sababi sifatida Altmanning ochiq emasligini ko‘rsatdi. Altmandan keyin hammuassis Greg Brokman va bir qancha katta tadqiqotchilar kompaniyani tark etishdi.

Ular birgalikda “Microsoft” tadqiqot guruhiga qo‘shilishdi. Investorlar va xodimlar ta’sischilarni “OpenAI"ga qaytarish va kengashni tarqatib yuborishga chaqirishdi.

Tegishli talablar yozilgan xat kompaniyaning taxminan 770 nafar xodimidan 700 nafari tomonidan imzolangan.

22-noyabr kuni “OpenAI” Altman bosh direktor lavozimiga qaytishini e’lon qildi. U bilan birga Brokman yana ishlay boshladi.

Kengash tarqatib yuborildi va uning o‘rniga vaqtinchalik kengash yig‘ildi — u doimiy boshqaruv organini tashkil qilishi kerak.

30-noyabr kuni “The Verge” nashri “Microsoft"ga ovoz huquqiga ega bo‘lmagan kuzatuvchi"o‘rni berilishi haqida xabar berdi.