20-yanvardan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari hamda “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlarining chiptalar narxi 20%ga oshirilishi haqida xabar berilgandi.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” chipta narxlari qaysi mahalliy yo‘nalishlarda o‘zgarmasligini ham ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, quyidagi mahalliy yo‘nalishlarda chiptalar narxi o‘zgarmaydi:
- 54/53-sonli Toshkent-Qo‘ng‘irot-Toshkent yo‘nalishi;
- 56/55-sonli Toshkent-Xiva-Toshkent yo‘nalishi;
- 58/57-sonli Toshkent-Shovvot-Toshkent yo‘nalishi;
- 72/71-sonli Toshkent-Olot-Toshkent yo‘nalishi;
- 80/79-sonli Toshkent-Termiz-Toshkent yo‘nalishi;
- 82/81-sonli Toshkent-Sariosiyo-Toshkent yo‘nalishi;
- 125/126-sonli Andijon-Xiva-Andijon yo‘nalishi;
- 95/94-sonli Andijon-Toshkent-Andijon yo‘nalishi;
- 129/130-sonli Andijon-Termiz-Andijon yo‘nalishi.
2023-yilning 20-oktabridan mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlar chipta narxlari 50%ga, “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari esa 100%ga oshirilishi belgilangandi.
Biroq, bu jamoatchilik etirozlariga sabab bo‘lib, turli muhokamalarni keltirib chiqardi. Bu bo‘yicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” munosabat bildirib, amaldagi narxlar xizmat ko‘rsatish sinfiga mos kelmasligini ta’kidlagandi.
O‘tgan yilning 1-noyabridan yo‘lovchi tashish temir yo‘l chipta narxlariga yangi tarif belgilangandi.
Unga ko‘ra, mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 44%ga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari esa 60%dan yuqoriroqqa oshirilgandi.
Avvalroq “Spot” 2024-yildan tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish tariflari erkin belgilanishi haqida yozgandi.