O‘zbekiston va Eron Samarqand viloyatida texnopark tashkil etish niyatida, deya xabar bermoqda “Tehran Times” gazetasi.

6-yanvar kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Eronning bir qancha intellektual kompaniyalari bilan uchrashuvi bo‘lib, unda Samarqandda qo‘shma texnopark yaratish rejalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Yangi texnopark faoliyati sog‘liqni saqlash, raqamli iqtisodiyot va madaniyat sohalariga yo‘naltiriladi.

“Iran Lab Expo 2024” ko‘rgazmasida O‘zbekistonning Erondagi elchisi Fariddin Nasriev o‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi $500 mlndan oshganini, kelgusida tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazish rejalashtirilganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston mamlakat bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi va texnologik hamkorlikka ustuvor ahamiyat beradi.

Avvalroq Eron O‘zbekiston fuqarolari uchun viza rejimini bekor qilgani haqida xabar berilgandi.

Mamlakat hukumati 32ta davlat fuqarolari uchun viza tartibini bir tomonlama bekor qilishni tasdiqladi.


“Spot” avvalroq Chirchiqda Xitoy bilan hamkorlikda texnopark qurilishi haqida yozgandi.

Loyiha mikrochiplar va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, qiymati $1 mlrdni tashkil qiladi.