Prezidentning “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini foto va video qayd etish vositalarini o‘rnatgan tadbirkorlarga ekologik huquqbuzarliklarni ham qayd etish va Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga xabar berish huquqi berildi.

Bunda tarbirkor jarima sifatida undirilgan mablag‘ning 20%i miqdorida pul bilan rag‘batlantiriladi.

Har yili eng uzoq (kamida 10yil) va sadoqatli xizmat ko‘rsatgan sanitar tozalash korxonalari xodimlari uchun “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi o‘tkaziladi.

Mazkur xodimlardan 100 nafarining davlat OTMga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga kontraktining to‘liq summasi to‘lab beriladi.

Har yili “Eng toza mahalla” tanlovi o‘tkazilib, tanlovda g‘olib bo‘lgan 14 ta mahallaga chiqindi yig‘ish maydonchasi qurish, chiqindi konteynerlarini o‘rnatish va daraxt ekish uchun jami 500 mln so‘m pul hamda xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil beriladi.

Shuningdek, 2024-yil-1 apreldan ko‘chmas mulk hamda avtotransportlar bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi Yagona elektron tizim orqali onlayn tekshirilib, qarzdorlik bartaraf etilgach notaril harakat amalga oshiriladi.

Barcha sanitar tozalash korxonalari Yagona elektron tizim orqali xizmat ko‘rsatadi, tizimga ulanmagan korxonalar bilan shartnoma bekor qilinadi va ular xizmat ko‘rsatadigan hududlar davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa korxonaga beriladi.

Chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilish hamda abonentlar hisobini yuritish faqatgina Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi billing tizimi, elektron to‘lov tizimlari yoki tijorat banklarining to‘lov qabul qilish kassalari orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib boriladi.

Qarzdorlik bo‘yicha ogohlantirilgandan keyin to‘lov qilmagan shaxslarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti quyidagi bosqichlarda joriy etiladi:

1️-bosqichda — Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida — 2024-yil 1-iyundan — 6 oylik qarzdorlik uchun;

2️-bosqichda — respublikaning barcha hududlarida — 2024-yil 1-noyabrdan — 3 oylik qarzdorlik uchun;

3️-bosqichda — respublikaning barcha hududlarida — 2025-yil 1-yanvardan — 1 oylik qarzdorlik uchun.

2024-yil 1-iyundan maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni realizatsiya qilish faqat birja orqali amalga oshiriladi (aholi mustaqil saralagan chiqindilar bundan mustasno).


Avvalroq “Spot” Toshkentda chiqindilarni olib chiqib ketish narxi oshgani haqida yozgandi.

Aholi uchun qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish narxi oyiga 7500 so‘mni, budjet va xo‘jalik tashkilotlarga bir kubometri uchun 89 977 so‘mni tashkil qiladi.