Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda dasturiy budjetlashtirish tizimini realizatsiya qilishda budjet taqsimlovchilarning budjet dasturlarini ishlab chiqish, nazorat qilish va samaradorligini baholash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Hujjat budjetlashtirish dasturiy tizimini joriy qilishda budjet dasturlarini ishlab chiqish tartibi va muddatlari, budjet dasturining maqsadli ko‘rsatkichlari va ularga qo‘yiladigan talablari hamda moliyalashtirish manbalarini nazarda tutadi.
Bundan tashqari, budjet dasturlarining bajarilishini ta’minlash va nazorat qilish, ularning ijrosi bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash, shuningdek, samaradorligini baholash va ularning realizatsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning shaffofligini ta’minlash belgilangan.
Budjet dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
- davlat budjetidan har yilgi ajratmalar doirasida aniq maqsadlar va natijalar asosida sifat va miqdoriy ko‘rsatkichlarni (indikatorlarni) shakllantirish;
- budjet loyihasini tayyorlash va qabul qilishda budjet taqsimlovchilarning moliyaviy mustaqilligini oshirish;
- budjet dasturlarini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan budjet taqsimlovchilarning jamoatchilik oldida hisobdorligi;
- ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda belgilangan strategik maqsad va vazifalardan kelib chiqib amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini tahlil qilish va baholash.
Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga 2024-yilning 1-sentabrigacha “UzASBO” dasturiy kompleksida budjet dasturlarini shakllantirish, tasdiqlash, ro‘yxatga olish va amalga oshirish bo‘yicha hisobotlarni elektron shaklda taqdim etish topshirilgan.
Avvalroq davlat rahbari soliq va budjet siyosatidagi o‘zgarishlar munosabati bilan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi.
Mazkur hujjat bilan 2024-yilda soliq siyosatida qanday o‘zgarishlar belgilangani haqida ma’lum qilingandi. Xususan, tamaki, alkogol va benzin mahsulotlari uchun soliq stavkalarining yangi miqdorlari belgilandi.