Xitoyning “Lanzhou Guangtong New Energy Automobile” kompaniyasi Andijonda elektrobuslar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda viloyat hokimligi matbout xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga safari davomida bu bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida o‘tkazilgan uchrashuvda “Lanzhou Guangtong New Energy Automobile Co., Ltd” rahbariyati bilan $100 mlnlik ikki tomonlama memorandum imzolandi.

Unga ko‘ra, viloyatda yillik quvvati 2000ta elektrobus ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyiha amalga oshiriladi.

Shuningdek, kompaniya bilan Andijonda elektroskuterlar ishlab chiqarish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Loyiha qiymati $100 mlnni tashkil etadi.

Bundan tashqari, “Gansu Yucun New Energy Technology” kompaniyasi bilan viloyat suv quduqlarining elektr ta’minotini quyosh elektrstansiyalariga o‘tkazish bo‘yicha muzokara olib borildi.

Tomonlar suvoqava tizimidagi 1 760ta suv quduqlarida iste’mol qilinayotgan elektr energiyasi ta’minotini quyosh elektrostansiyalariga o‘tkazishni nazarda tutuvchi $400 mlnlik kelishuvni imzoladi.

Avvalroq Xitoy kompaniyalari bilan $1,2 mlrdlik kelishuvga erishilgandi. Tomonlar charm poyabzallar, elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarish kabi loyihalarda hamkorlik qiladi.