Toshkent va Jizzax viloyatlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining matbuot xizmati xabar berdi.
Jizzax shahrida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “L.S.” MChJ mas’ul shaxslari tomonidan jami 857,2 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari ma’lum bo‘ldi.
Mazkur korxona ishlab chiqarish sexi tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan bo‘lishiga qaramay, tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa qayta ulangan.
Departamentning Zangiota tuman bo‘limi tomonidan tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda fuqarolar A.E. va A.N. tomonidan bu kabi qonun buzilish holati aniqlandi.
Xususan, mazkur shaxslar “O.T.” MFYdagi raqamsiz uydagi baliqxona hamda “X” MFY hududidagi issiqxonani tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga o‘g‘irlik yo‘li bilan ulab, jami 111,4 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
2023-yilning 11 oyidan ortiq vaqt davomida O‘zbekistonda 1,5 trln so‘mlik tabiiy gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Shuningdek, 2 134ta ma’muriy qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, 204 mlrd so‘mlik jarimalar undirishga qaratilgan.
Dekabr oyining birinchi yarmida 73 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingan. Noyabrda davlat rahbari tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha topshiriq berdi.
Undan keyin, energiya manbalarini barqaror yetkazib berish, to‘lov intizomini ta’minlash muhimligini ta’kidlab, noqonuniy ulanishlarga chek qo‘yish vazifasini belgilagan.