O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari noyabr oyidagi kamayishdan so‘ng, dekabr oyida biroz oshdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-yanvar holatiga mamlakat zaxiralari $1,6 mlrdga ko‘payib, $34,56 mlrdni tashkil etdi.
Xorijiy valyuta zaxiralari $751 mlnlik o‘sish bilan $9,36 mlrdni tashkil etdi va uchinchi oydirki o‘suvchi ko‘rsatkich qayd etilmoqda.
Sentabr oyida valyuta zaxiralari statistika e’lon qilingan butun davr uchun rekord darajada past ko‘rsatkich — $7,39 mlrdni tashkil etgandi.
Mamlakat oltin zaxiralari ham sezilarli oshib, dekabrda $24,63 mlrdni tashkil etdi. Noyabr oyiga nisbatan uning qiymati $907 mlnga ko‘paygan.
Shuningdek, oltinning fizik hajmi ham oldingi 11,6 mln troy unsiyadan dekabr oyida 11,9 mln troy unsiyaga oshdi.
Noyabr oyida O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi oy dunyodagi eng yirik oltin sotuvchi davlat bo‘ldi. Mamlakat 11 tonna oltin sotgan va bu keyingi o‘rinda turgan Qozog‘istondagidan bir necha baravar yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida O‘zbekiston $1,28 mlrdlik oltin eksport qilgan. 11 oyda undan tushum $8,15 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,3 barobarga oshgan.
Avvalroq “Spot” oltin narxi tarixda birinchi marotaba bir unsiyasi uchun $2100dan oshgani haqida yozgandi.