Shavkat Mirziyoyev 8-yanvar kuni aholi bandligini oshirish hamda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, mamlakatda ishsizlar soni 1,3 mlnni tashkil qiladi. Bu yil yana 2,4 mln aholi mehnat bozoriga kirib keladi. Shundan kelib chiqib, sifatli va yuqori daromadli ish o‘rinlari hisobiga joriy yilda 5 mln aholining bandligini ta’minlash maqsad qilingan.
Jumladan, xizmatlar sohasida 2,5 mln, qishloq xo‘jaligida 2,1 mln, investitsiya loyihalari va sanoatda 250 ming, qurilishda 140 ming ish joyi yaratish imkoniyati bor.
Bundan tashqari, yangi moliyaviy instrumentlar, jumladan, mikromoliyalashning yangi tizimini keng joriy qilish orqali 2 mln aholini biznesga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Taqdimotda mutasaddilar 2024-yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi bo‘yicha axborot berdi. Davlat rahbari bu dasturni ma’qullab, uni amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
So‘nggi yillarda 2,4 mln aholi o‘zini o‘zi band qilgan. Ular faoliyatini kengaytirish, bosqichma-bosqich kichik biznesga o‘tkazish va bozor topishiga ko‘maklashish muhimligi aytildi. “Mening biznesim” platformasi, “Biznesga birinchi qadam” bank kartalari joriy etilishi buning uchun qulaylik yaratadi, deya ta’kidlangan.
Iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan yerlarni infratuzilmaga ulash, loyihalarni ishga tushirish uchun tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi. “Agregator” tizimi asosida “100 ming eksportchi dehqon” dasturi joriy qilinib, bu yil 15 ming gektar yer maydonlari auksionga chiqarilishi belgilandi.
Mehnat stajiga ega bo‘lmaganlarni kasb-hunarga o‘qitish, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarni ishga olgan korxonalarga soliq bo‘yicha yengilliklar qo‘llash muhimligi ham aytib o‘tildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha qo‘shimcha zaxira va imkoniyatlarni aniqlash vazifasi qo‘yildi.
Taqdimotda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash tartibini soddalashtirishga oid takliflar ham ko‘rib chiqildi.
2024-yil mamlakatda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Biznesni yuritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsad qilingani ta’kidlandi.
Joriy yildan tadbirkorlar uchun 34 turdagi hisobotlar bekor qilinmoqda. Natijada har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 mln so‘m xarajati tejaladi.
Umuman, tadbirkorlar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlanmagan. Shu bois davlat rahbari yagona hisobotlar tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Shuningdek, tadbirkorlarga majburiy talablarni qisqartirish maqsadida 16ta litsenziya va ruxsatnomani bekor qilish lozimligi belgilandi.
Bu borada berilayotgan yengilliklarni tadbirkorlarga yetkazish, ularning takliflarini doimiy o‘rganib, statistik hisobotlarni yanada maqbullashtirib borish vazifasi qo‘yildi.