Xitoy kompaniyalari Andijonda qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodini tashkil etmoqchi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Guanchjoudagi muzokaralarda “Zhejiang Tongli Heavy Machinery” va “Keda Industry Group” kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi.
Mazkur kompaniyalar bilan Buloqboshi tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish bo‘yicha $300 mlnlik kelishuv imzolandi.
Loyiha doirasida mazkur zavodda yiliga 18 mln kv/m keramogranit, 750 ming tonna ohak, 100 mln dona polipropilen qop ishlab chiqariladi.
Bundan tashqari, 300ta yuk mashinalari bilan xizmat ko‘rsatuvchi logistika xizmati tashkil etiladi.
Loyiha ishga tushirilishi natijasida Buloqboshi tumanida yangi 2 180ta ish o‘rni yaratilishi qayd etilgan.
Viloyat hokimligining Xitoyga tashrifi doirasida mamlakat kompaniyalari bilan $1,2 mlrdlik kelishuvga erishilgan. Tomonlar charm poyabzallar, elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarish kabi loyihalarda hamkorlik qiladi.
Avvalroq Xitoyning “Lanzhou Guangtong New Energy Automobile” kompaniyasi Andijonda elektrobus va elektroskuterlar ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Har ikkala loyiha qiymati $100mlnni tashkil etib, viloyatda yiliga 2 mingta elektrobus ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.