O‘zbekistonliklar o‘zlari uchun sayohat qilish mumkin bo‘lgan, qulay hamda arzon mamlakatlar qatoriga Gruziya davlatini ham qo‘shishgan.

Iskandar 2023-yilda o‘zining ilk sayohatiga nima sabab bo‘lgani, mustaqil sayohatga qanday tayyorgarlik ko‘rgani va $526ni nimalarga sarflagani haqida gapirib berdi.


gruziya, sayohat, shaxsiy tajriba, tbilisi

Iskandar Mirzaxmedov,

“Afisha Media” kompaniyasining video-operator va montaj ustasi.

Oldin chet el davlatlariga sayohat qilmagan edim va Gruziya men uchun birinchisi bo‘ldi. Bu davlatga sayohat qilish men uchun kutilmaganda yuz berdi — ishxonamda mehnat ta’tili berishdi.

Hamkasblarim bilan suhbatlashayotib, ta’tilni uyda, shunchaki o‘tkazib yubormasligim kerakligini tushundim. Ular O‘zbekistonning qaysidir viloyatiga borishimni, yanayam yaxshiroq variant sifatida xorijiy davlatlarda dam olishni maslahat berishdi.

Ta’til boshlanishidan bir yarim hafta oldin qaysi davlatga borishim mumkinligini o‘ylay boshladim. Oldin o‘zimdagi imkoniyatlarga qaradim, ya’ni ingliz tilini uncha yaxshi bilmasligim, ammo, rus tilida to‘liq muloqot qila olishimni ham inobatga oldim. Ammo bu men uchun katta muammo yaratmagan.

Maslahat № 1. Gruziyaning Tbilisi shahrida asosan yoshlar qatlami ko‘proq istiqomat qiladi va ular asosiy muloqotni ingliz tilida olib borishadi. Yuqori yosh toifasidagilar esa aksincha, ingliz tilida emas, rus tilida gaplashishadi. Yoshlar bilan suhbatlashganda ingliz tilida gapiring, bu ular bilan samimiy muloqot qilishda ustunlik qiladi.

Shuningdek, tanlaydigan davlatimning ob-havosi ham muhim rol o‘ynadi, chunki 21−28-noyabr kunlari ketayotganim uchun aksariyat davlatlarda allaqachon sovuq boshlangan edi. Iqlimi va boshqa jihatlari nisbatan O‘zbekiston bilan bir xil bo‘lgani sababli hamkasblarim Gruziyani tavsiya qilishdi.

Variantlarim orasida Misr va Tailand davlatlari ham bo‘lgan. Ammo, ularga borish uchun sayyohlik agentliklari xizmatlaridan foydalanish kerak edi. Yana bir jihati, vizasiz sayohat qiladigan davlatni tanlashim, ya’ni sayohat 1 hafta davom etayotgani uchun vizani kutishga vaqtim ham, xohishim ham yo‘q edi. Ushbu sayohatni rejalashtirish va bir qarorga kelish uchun menda atigi bir yarim hafta vaqt bo‘lgan.

Gruziyaning Tbilisi shahriga borishim aniq bo‘lganidan so‘ng, xarajatlar haqida o‘ylashni boshladim. Tanishlarim bilan qancha mablag‘ ketishini maslahatlashganimda, ular budjetim qanaqaligini so‘rashdi. Menda o‘sha paytda $700-$800 bor edi va bu bir odamga bemalol yetishini aytishdi.

Noyabr oyida bu yerda yomg‘irli ob-havo bo‘lar ekan. Men kelganimda harorat 7−8 daraja iliq edi. Ammo, yomg‘ir tez-tez yog‘ib turdi.

Nega mustaqil sayohat?

Menga sayohat agentliklari xizmatlaridan foydalanish va jamoa bo‘lib yurish ma’qul kelmagan, chunki erkin va mustaqil sayohat qilishni xohlaganman. Agarda agentlik xizmatidan foydalansam, ular belgilagan joylarga borishga va vaqtimni chegaralashga majbur bo‘lardim. Shu sababdan, mustaqil ravishda qaror qabul qilishni va shaharda bemalol sayohat qilishni tanlaganman.

Ishni aviachipta sotib olishdan boshladim. Toshkentdan Tbilisigacha 3 soat davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz qilinadi. Borish va qaytish (21−28-noyabr) uchun Uzbekistan Airways rasmiy veb-saytidan 8 kg qo‘l yuki bilan chiptalarni $360ga xarid qildim. Agar 1−2 oy oldin sotib olinsa, narxi yana ham arzon bo‘lishi mumkin edi.

Mehmonxona masalasida, oldin bu yerga sayohat qilgan sherigimning shahardagi “Diwan” xostelida ishlaydigan tanishi bilan bog‘lanib, u yerda 7 kun qolishimni aytdim, bu menga $78,2ga tushdi.

Tbilisiga ketishdan oldin “Ipak Yo‘li” bankdan Visa Start kartasiga buyurtma berdim va ular kartani 1 kun ichida tayyorlab berishdi. $150 ni yo‘ldagi kichik xarajatlar uchun ajratib, shaharga borgach, Gruziya valyutasi — lariga ayriboshladim. 2023-yil 21-noyabrdagi kurs $1 — 2,7−2,8 lariga teng edi.

Toshkentdan ertalabki 7da uchib, 10 yarim (Gruziya vaqti bilan 9:30)da yetib bordik, ammo, aeroportda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari ko‘p vaqt oldi. Bunda viza kartada qancha mablag‘ borligidan tortib, qoladigan mehmonxona lokatsiyasigacha ko‘rsatish kerak.

Moliya:

  • Toshkent-Tbilisi-Toshkent Chiptasi: $360
  • Mehmonxonada qolish (7 kecha): $78,2

Jami: $438,2

Transport

Ketish oldidan bu shaharga aloqador ma’lumotlar bilan yaqindan tanishganim menga foydali bo‘ldi. Transport uchun aeroportdan “Metromoney” kartasini 2 lariga xarid qildim. Bu kartani faqat Gruziya banki yoki metro bekatlaridan xarid qilish mumkin. So‘ng, kartani to‘ldirish uchun bankomatdan foydalandim. U yerning bankomatlari biznikilardan farq qiladi.

“Metromoney” kartasini 7 kunlik obuna bilan barcha transportlarga to‘g‘ri keladigan tarifda sotib oldim. So‘ng aeroportdan “Shota Rustaveli” prospektigacha 338-avtobus bilan 1−1,5 soatda yetib bordim.

Maslahat №2. Shahar va transport xaritalarini sayohatdan oldin yuklab olishni maslahat beraman. Avtobuslarda naqd pulda to‘lov amalga oshirilmaydi. Hammasi viza yoki transport kartalari orqali amalga oshiriladi.

E’tiborli jihati, avtobusga chiqqan paytni o‘zida to‘lov qilish kerak. Agar shu payti to‘lanmasa, yetib borguningizcha politsiya xodimlari yetib kelib jarima solishadi. 1 soat davomida bir avtobusdan boshqasiga o‘tilsa bonusi bor, ya’ni, ikkinchi avtobusga to‘lov qilinmaydi.

Shahar markazida sim-kartalar aeroportdagidan ancha arzonligini ham aytishgandi. Ammo, ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari uzoq davom etganligi meni biroz stressga tushirdi va shu yerni o‘zidan “Silknet” ta’rifidagi sim-kartani xarid qildim.

Internet ishlagach, xostel manzili bo‘yicha yo‘l oldim. Ertalab parvoz paytida ovqatlanganim sababli tushlik paytida ovqatlanishga zarurat sezmadim.

Xarajatlar:

  • SIM-karta sotib olish: $13 (35 lari);
  • “Metromoney” transport kartasi: $0,75 (2 lari), 7 kunlik obuna $7,45 (20 lari);
  • Avtobus: $0,37 (1 lari), visa orqali $0,56 (1,5 lari)

Jami: $21,5/58,24 lari

Ovqatlanish va turar joy

Men borgan xostelning oldida dam olishga mo‘ljallangan maydon bor edi. Xonaga soat 14:00da joylashish mumkinligini aytishganidan so‘ng o‘sha maydonda aylanib kelishga qaror qildim.

Katta savdo markazlaridagi O‘zbekistonga hali kirib kelmagan “McDonald's” va “Burger King” ovqatlanish shoxobchalarini aylanib, “Burger King"da ovqatlandim. Bu menga ancha arzonga tushdi. Har kuni tushlik va kechki ovqatni tashqarida qilganim uchun bu tomonini inobatga olishim shart edi.

Men yashaydigan xostel oldida ham pitseriya bor va u yerdan ba’zida pitsa buyurtma qilganman.

Maslahat №3. Restoran va kafelarga kirganda doimiy choychaqalar qoldirish kerak. Bu ularda odatiy hol hisoblanadi. Xizmat ko‘rsatish narxi bilan birgalikda, chekda choychaqa uchun qancha qoldirish mumkinligi ham yozilgan bo‘ladi.

Choychaqa uchun umumiy summaning 10−15%ni qoldirish kerak. Men esa doim 5 laridan qoldirganman, chunki bu qog‘oz pulida eng kichik miqdordagi valyutasi hisoblanadi. Shuningdek, ularda tangalarda savdo qilish ham normal holat sanaladi.

Umuman olganda, 7 kun davomida oziq-ovqat uchun taxminan $66 sarfladim. Tbilisida yashash O‘zbekistonga qaraganda biroz qimmatroq — ovqatlanish uchun kuniga $6-$7 dan sarflash kerak.

Sayohatlar

Tbilisi ham dunyoning boshqa ko‘plab davlatlaridek eski va yangi shaharlarga ajraladi. Uning eski shahar qismida butun boshli dahalar saqlanib qolgan. Sayyohlarni asosan ana shu narsa o‘ziga jalb qiladi. Oldiniga diqqatga sazovor joylarning barchasiga borishni reja qildim.

Jo‘nab ketishdan bir-ikki kun oldin sayohat agentligiga murojaat qilishni ham o‘ylab ko‘rdim. Ammo, asosiy maqsadim madaniy hordiq olish bo‘lgani uchun, ko‘p jismoniy harakat qilishni va charchashni istamadim.

Tbilisi shahrining maydoni Toshkentnikidan kichkinaroq — 348,6 km² ni tashkil etadi. Ko‘rishga arzigulik qiziqarli manzillari juda ko‘p. Ko‘chalarida yurganimda o‘zimni detektiv kinoga tushib qolgandek his qildim.

Ko‘pgina istirohat bog‘lariga aylangani bordim. Masalan, Mtatsminda’ga borganimda yuqoriga teleferik orqali chiqdik. Tepada bog‘ning boshqa joylarini aylanish uchun avtobuslar ham bor ekan. Keyin yaqin atrofni aylanib, pastga piyoda yurib tushdim. Bu ancha qiyin ish ekan, sababi shaharda Xitoydagi singari zinalar ko‘p edi.

Maslahat №4. Shaharni teleferiklarda “Metromoney” kartasida to‘lov qilib, aylanib chiqsa ham bo‘ladi. Yuqoriga ko‘tarilgandan so‘ng, davom etish uchun yo‘nalishli avtobuslar ham yo‘lga qo‘yilgan.

Metrosida ikkita liniya va 23 ta bekat bor. Uning umumiy uzunligi 29 kilometrni tashkil etadi.

Oldiniga 2ta bekat ilgarilab ketganimni sezdim va ortga qaytmaslik uchun yo‘nalishning oxirigacha bordim. So‘ng, shaharning chekkasida joylashgan bozoriga chiqdim. Bu yer shahar markazidan rivojlanish jihatdan anchagina farq qilardi.

Yo‘llarda mashinalar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, eng tig‘iz paytlarda ham haydovchilar signal chalishmaydi. Tirbandliklar ham deyarli kuzatilmaydi. Buning sababi qatnov yo‘llari juda ko‘p va haydovchilar madaniyatli.

Ammo, men chiqqan liniya oxiri esa buning teskarisi edi. U yerda bozor joylashganligi uchun mashinalar tartibsizligi, odamlarning shovqin-suronini ko‘rish mumkin.

Maslahat №5.Tbilisida do‘kon va restoranlarning ish faoliyati soat 10:00 deb yozilgan bo‘lsa, ular soat 10:30 yoki 11:00 da ish boshlashadi. Shoshilib vaqtdan yutqazishingizni maslahat bermayman. Shaharda hayot kechki vaqtda qaynaydi.

Shahardagi bog‘larga kirish narxlari va ko‘rinishlari jihatdan ham turli xil.

Rike bog‘i. Bu bog‘ Kura daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan. Metro orqali borilsa “Avlabari” bekatidan chiqiladi. Markaziy temir yo‘l stansiyasi oldidan esa 37-avtobus orqali borish mumkin. Bog‘ga kirish esa bepul.

Mtatsminda Bog‘i. Bu bog‘ esa Kura daryosining o‘ng qirg‘og‘ida, tog‘ning tepasida joylashgan. Soat 10:00 dan 22:00 gacha faoliyat yuritadi. Mtatsminda bog‘iga Ozodlik maydonidan 124-avtobusda borish mumkin. Kirish bepul, ammo, chiqish va tushish uchun mo‘ljallangan transportlar 10 lari, bog‘ kartochkasi 2 lari, attraksionlar 2,5 larini tashkil etadi.

Tbilisi botanika bog‘i. Milliy botanika bog‘i Legvta-Xevi daryosi vodiysida joylashgan eng katta o‘rmondir. Bog‘ har kuni faoliyat yuritadi. Ammo, ish vaqti mavsumga qarab farq qiladi. Sovuq havoda (1-oktabrdan 1-martgacha bo‘lgan davr) soat 09:00dan 17:30gacha, 1-apreldan 1-sentabrgacha esa soat 09:00dan 20:00gacha faoliyat yuritadi. Kattalar uchun chipta narxi 4 lari, talabalar chiptasi 1 lari, bolalar chiptasi 0,5 larini tashkil etadi.

Istirohat bog‘lari uchun transportdan tashqari ortiqcha pul sarflamadim. Sababi, u yerdagi manzara men uchun muhim edi.

Bozorlar va xaridlar

Gruziyada katta yosh qatlami ingliz tilida muloqot qilishga qiynalishadi, shu sababdan, ular asosan rus tilida gapirishadi. Ko‘chalarida o‘zlari uchun kichkina buyum bozorchalari ochib, savdo qilishayotganini ko‘rish mumkin. Har xil suvenirlar va kichkina uy jihozlarni sotib kun ko‘rishadi. Ularga karta orqali to‘lov qilish qiyin, chunki, viza kartasi yo‘q. Bankka borib ochtirish yoki pulni yechib olishni yaxshi tushunishmaydi.

Maslahat №6. Ko‘chalardagi buyum bozorchalaridan savdo qilganda, naqd pulda to‘laganingiz ma’qul, negaki u yerdagi yoshi katta sotuvchilar elektron to‘lov tizimiga qiynalishadi.

Agar ular qatorida yoshlar ham bo‘lsa, demak ularga kartadan to‘lash mumkin va ingliz tilida ham bemalol muloqot qila olasiz. Sababi, shahar markazida istiqomat qiluvchi yoshlarning barchasi ingliz va gruzin tillarida gapirishadi.

Mening xarid qilish uchun rejalagan vaqtim Tbilisidagi chegirmalar kuniga to‘g‘ri kelgan. Yaqinlarim va hamkasblarim va o‘zim uchun bir qancha suvenirlar, kiyim-kechaklar olganman.

Xarajatlar:

  • suvenirlar sotib olish: $100
  • Kiyim-kechak uchun: $220

Jami: $320

Rejalar. Sayohat qilishni yillab rejalashtirish niyatim yo‘q. Gruziyaga borishim ham tasodifan yuz berdi. Navbatda Tailand, Amerika yoki Turkiya kabi mamlakatlarga borishni reja qilyapman. Yana bir tomoni, Gruziyaning Tbilisi shahrini ko‘rgan bo‘lsam, balki, keyingi safar Batumiga yoz fasli oxirida borishni ham o‘ylayapman.


Moliya:

  • Toshkent-Tbilisi-Toshkent chiptasi: $360;
  • mehmonxonada qolish (7 kecha): $78,2;
  • SIM-karta sotib olish: $13;
  • “Metromoney” transport kartasi: $0,7, 7 kunlik obuna $7,4;
  • avtobus: $0,9;
  • ovqatlanish: $66.

Jami: $526,2.