Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan kripto-aktivlar aylanmasi sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi 2023-yil 1-yanvardan ishga tushirildi.
O‘tgan yilda agentlik maxsus “Tartibga solish qumdoni” rejimining dastlabki uch ishtirokchisini ro‘yxatga oldi.
Birinchi ishtirokchi bu “.UZ” domen zonasidagi nomlar uchun ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida NFT-sertifikatlarni joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zining tajriba-sinov loyihasi bilan “Yagona integrator — UZINFOCOM” MChJ bo‘ldi.
Bugungi kunga qadar loyiha doirasida 58 dan ortiq NFT sertifikatlari yaratilgan va chiqarilgan.
Maxsus rejimning ikkinchi va uchinchi ishtirokchilari “Kriptokarta” va “CRYPTO CARD-UzNEX” bank kartalari mahsulotini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha tajriba loyihalari bilan “Kapitalbank” ATB va “Oktobank” AJ.
2023-yil davomida “Cryptocard” va “CRYPTO CARD-UzNEX” bank kartalari mahsulotini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha pilot loyihalar doirasida 90 dan ortiq bank kartalari muomalaga chiqarilgan.
Shuningdek, ular bo‘yicha naqd pul aylanmasi $6000dan ortiq mablag‘ni tashkil etdi.
“Tartibga solish qumdoni” doirasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi texnologiyalarni joriy qilayotgan yuridik shaxslar uchun pilot loyihalarni approbatsiya qilish va amaliyotga qo‘llash jarayonidagi huquqiy munosabatlarda maxsus tashkiliy-huquqiy sharoit yaratiladi.
Jumladan, maxsus rejim ishtirokchilari barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni, shuningdek ba’zi bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etiladi.