Buyuk Britaniyaning Bristol universitetida o‘qish uchun “Think Big” grant dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.
Unga butun dunyodan nomzodlar bakalavr darajasi uchun ishtirok etishlari mumkin. Ayni paytda 2024-yilning kuzidan boshlanadigan o‘quv yili uchun qabul jarayoni ketmoqda.
Grant dasturida ishtirok etish uchun oldin universitet qabuliga ariza jo‘natish zarur. Universitetdagi kurslar haqida batafsil bu yerda tanishish mumkin.
Dastur nomzodlarga yiliga 13 ming funt sterlinggacha ($16 540) bo‘lgan o‘quv to‘lovlari uchun grant taqdim etadi. Shuningdek, talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yashash xarajatlari uchun 3 ming funt sterlinggacha ($3800) bir martalik mablag‘ ajratilishi mumkin.
Grant doirasida Bristol universitetining tibbiyot, stomatologiya va veterinariya yo‘nalishlaridan tashqari istalgan bakalavriat yo‘nalishlariga ariza topshirish mumkin.
Nomzodlar onlayn ariza jo‘natish jarayonida uchta mavzuda esse yozishlari kerak. Har bir esse uchun maksimal so‘zlar soni 1000tani tashkil etadi hamda har biri 10 ballga teng bo‘lib, qabul komissiyasi berilgan javoblarga qarab arizalarni ko‘rib chiqadi.
Esse mavzulari quyidagicha:
- akademik baholardan tashqari erishilgan yutuqlarni tasvirlash;
- Bristol universitetida talabalar jamoasiga qanday hissa qo‘sha olish mumkinligi;
- tanlangan yo‘nalish maqsadga erishish uchun qanday yordam berishi.
Arizalarni joriy yilning 26-fevraligacha havola orqali jo‘natish mumkin. 8-aprelgacha stipendiya g‘oliblari ochiqlanadi.
Batafsil ma’lumot bu yerda.
Avvalroq AQShning Kaliforniya universiteti qoshidagi Sof va amaliy matematika instituti (IPAM) amaliyot dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.