Joriy yilning yanvar oyida Qozog‘iston temir yo‘l orqali O‘zbekistonga 1,2 mln tonna g‘alla jo‘natadi. Bu haqda “BaigeNews” nashri “KTZ-Freight Transportation” matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.
Umumiy hisobda Qozog‘iston 2024-yil yanvar oyida 1,5 mln tonna don yuklarini eksport qilishni rejalashtirmoqda. Shundan 1,2 mln tonnasi “Sariagash” chegara o‘tish yo‘li orqali O‘zbekistonga yuboriladi.
Shu bilan birga, yanvar oyining birinchi kunlarida O‘zbekistonga poyezdlar yetkazib berish sezilarli darajada oshdi, shu bilan birga Xitoy tomoni tomonidan poyezdlarni qabul qilish sekinlashdi, deyiladi xabarda.
O‘tgan yili Qozog‘iston xorijga 9 mln tonna don yetkazib berdi, bu 2022-yilga nisbatan 1 mln tonnaga ko‘p.
Avvalroq Qozog‘iston donini xarid qilish bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinni egallagani haqida xabar berilgandi.
2023-yilning yanvar-oktabr oylarida Qozog‘istondan xorijga 3,8 mln tonna bug‘doy va meslin (bug‘doy va javdar aralashmasi) eksporti $1 mlrdga yetdi.
Asosiy xaridor 1,9 mln tonna mahsulot sotib olgan O‘zbekiston bo‘ldi, bu o‘tgan yilga nisbatan 40%ga o‘sgan.
Undan keyingi o‘rinlarni mos ravishda 404 ming tonna va 322 ming tonna don sotib olgan Tojikiston va Afg‘oniston egallagan.