Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Gallup” tadqiqot va konsalting tashkiloti tomonidan tayyorlanayotgan yillik so‘rovnomasi bo‘yicha hisobotini tahlil qildi.

2022-yilda mamlakatda farovonlik indeksi maksimal 10 balldan 6 ballni tashkil etdi. Postsovet Yevroosiyo mintaqasida (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Rossiya, Belarus, Ukraina, Moldova kiradi) o‘rtacha ko‘rsatkich 5,7ga teng.

So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning 39%i o‘z farovonligi oshib borayotganini qayd etgan, bu mintaqaviy o‘rtacha 30%dan sezilarli darajada yuqori. Faqat 2% aholi hayotda qiyinchiliklarga uchrayotganini bildirgan, bu mintaqaviy ko‘rsatkichdan 6%ga past.

O‘zbekiston farovonlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha mintaqa mamlakatlari orasida eng yaxshi natijani qayd etgan. 80% aholi hozirgi moliyaviy holatidan qoniqayotganligini bildirgan bo‘lsa, bu mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, mintaqa uchun o‘rtacha 60%ni tashkil etgan.

Aholining 44%i (mintaqada 33%) hozirgi daromadlarida yaxshi hayot kechirayotganliklarini bildirishgan.

Mamlakat keyingi besh yil ichida kutilayotgan farovonlik bo‘yicha eng yuqori ballga ega bo‘ldi — 8,7 ball, mintaqaviy o‘rtacha ko‘rsatkich — 7,4 ball. O‘zbekistonlik ishtirokchilarning 86%i turmush darajasi yaxshilanayotganini ta’kidlagan (mintaqada 40%).

O‘zbekistonlik ishchilarning 15%i stressni boshdan kechirishlari mumkinligini aytgan (mintaqada 24%). 63%i hozirgi vaqtni ish topish uchun eng yaxshi vaqt deb hisoblaydi. Bu ko‘rsatkich kki yil avvalgidan 17%ga yuqori. Iqtisodiyotning yaxshilanishiga ishonch esa 7%ga oshib, 82%ni (mintaqada 51%) tashkil etdi.

Hukumatga ishonch 92%ni (mintaqada 68%) tashkil etadi. Tahlil mintaqa mamlakatlari orasidagi eng yaxshi natijalardan biri ekanini qayd etgan.

Ikki yilda o‘zbekistonliklarning sud tizimi faoliyatiga ishonchi 10%ga oshib, 74%ni tashkil etgan. MIntaqada bu ko‘rsatkich o‘rtacha 45% bo‘lib, sezilarli darajada past.

Shuningdek, mamlakat aholisining 82%i bank-moliya tizimiga “juda katta” ishonch bildirishgan (mintaqada 55%). 93% fuqaro O‘zbekistonda bilim olish va o‘sish uchun barcha imkoniyatlar bor, deb hisoblaydi. Mintaqada ko‘rsatkich — 68%.