Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi “Aholi salomatligi — 2030” milliy strategiyasi loyihasini ishlab chiqib, e’lon qilgandi.

Hujjatda o‘zbekistonliklar orasida semizlik muammosini kamaytirish maqsad qilingan. O‘n yillik yakunigacha ortiqcha vaznli aholi ulushini 50%ga, bolalar va yoshlar o‘rtasida esa 30%ga kamaytirish maqsad qilingan, deya ta’kidladi vazirlik matbuot xizmati.

Bunga maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish orqali erishish kutilmoqda. Shu bilan birga, tana vazni ortishiga olib keluvchi odatlarga qarshi kurashish choralari ko‘riladi.

Xususan, ta’lim muassasalarida iste’mol qilish tavsiya etilmaydigan mahsulotlar ro‘yxatini tuzish rejalashtirilmoqda. Bularga shakar, tuz, transyog‘lar, shuningdek, ta’m va rang beruvchi qo‘shimchalar bo‘lgan mahsulotlar kiradi.

Strategiyada bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari va energetiklar, shuningdek, dori vositalari va biologik faol moddalar reklamasiga qo‘shimcha talablar joriy etish nazarda tutilgan. Bunday reklama materiallari uchun cheklovlarni kuchaytirish belgilangan.

Shu bilan birga, bolalarning yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, ularning to‘g‘ri ovqatlanishi, jismoniy mashqlar va gigiyena qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tavsiyalar to‘plami yaratiladi. Buni joriy yil oxirigacha amalga oshirish rejalashtirilgan.

Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2060-yilga borib semirish va ortiqcha vazn muammosi O‘zbekiston iqtisodiyotiga $21,6 mlrd zarar keltirishi mumkinligini qayd etgandi.