“Mercedes-Benz” kompaniyasi Las-Vegasdagi “CES 2024” ko‘rgazmasida o‘zining yangi ovozli yordamchisini taqdim qildi. Bu haqda “Cryptopolitan” nashri taqdim etdi.

Qayd etilishicha, ovozli yordamchi haydovchi va foydalanuvchilar bilan muloqotga kirishadi hamda kontekstli maslahatlar beradi.

Bundan tashqari, assistent turli ohanglarda gapirishi, hissiyotlarini namoyon etishi, aniqlik kiritishni so‘rab savollar berishi mumkin.

Ovozli yordamchini “Mercedes-Benz"ning barcha yangi avtomobillariga o‘rnatish rejalashtirilgan.

Kompaniya texnik direktori Markus Sxafer ushbu innovatsiyaning muhimligini ta’kidlab, shunday dedi: “Mashina sizning suhbatdoshingizdir. Siz savol berishingiz, suhbatlar o‘tkazishingiz mumkin”.

Ushbu ishlanma haydovchilar va ularning transport vositalari o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etishga, avtomobil borti texnologiyasi bilan yanada interaktiv va shaxsiylashtirilgan tajribani targ‘ib qilishga qaratilgan.


Avvalroq “Spot” “Mercedes-Benz” avtomobillariga mast haydovchini aniqlash sensori o‘rnatilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, sensor dvigatelni ishga tushirish tugmasiga o‘rnatiladi, agar haydovchida mastlik holati aniqlansa, u mashinani ishga tushira olmaydi.