Qo‘qonda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanayotgan mayning ferma aniqlandi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” matbout xizmati xabar berdi.

Kompaniyaning Farg‘ona viloyati filiali tomonidan tegishli tashkilotlar bilan reyd tadbirlari o‘tkazildi. Qo‘qonning “Marg‘ilon darvozasi” mahallasi, “Sharqobod” ko‘chasida joylashgan qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish sexida fuqaro A.A tomonidan mayning qurilmalari to‘g‘ridan to‘g‘ri elektr tarmog‘iga ulangani ma’lum bo‘ldi.

“B-M."oilaviy korxonasi rahbari jami 61ta to‘plamdagi mayning kripto-aktivlari qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatgan holda ulagan. Buning natijasida 787,4 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tizimga yetkazilgan zarar 900 mln so‘mdan ziyodni tashkil etadi. Mayning fermaga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tarifga 5 barobar o‘suvchi koeffisient qo‘llanilib, jami 4 mlrd so‘mlik qoidabuzarlik dalolatnomasi rasmiylashtirilgan.

Tadbirkor A.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

2023-yilning oktabridan buyon viloyatda jami 3ta noqonuniy mayning ferma faoliyati aniqlangandi. Xususan, oktabrda Qo‘qon shahrining “Achchiqko‘l” MFY hududida joylashgan parrandachilik sexidagi ferma 2,5 mlrd so‘mlik zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.

Noyabrda fuqaro tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, xonadonlarning birida kriptovalyuta ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib, 12 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgandi. Shuningdek, dekabrda Uchko‘prik tumanida fuqaroning mayning qurilmalarini noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Zarar — 2,8 mlrd so‘mdan ortiq.