Prezident qarori bilan ayrim normativ huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan fuqarolar tomonidan sotib olinganda QQS summasi qaytarib beriladigan ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati kengaytirildi.
Endilikdagi quyidagilarga ham xarid summasining 1%i miqdoridagi to‘lov o‘rniga, xarid summasida to‘langan QQS qaytariladi:
- un;
- shakar;
- dori vositalari va tibbiy xizmatlar.
Bunda qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarish oyiga BHMning 10 baravarigacha (3,4 mln so‘m) bo‘lgan xaridlar summasi doirasida amalga oshirilishi belgilandi.
Shuningdek, “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Hukumat qaroriga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:
Bir oy davomida sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining BHMning 60 baravaridan (20,4 mln so‘m) oshmagan qismidan 1%i ularning fiskal belgili cheklari soliq organlarining mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilganda qaytariladi. Ilgari ma’lum bir qiymat belgilanmagandi.
2023-yilning aprelida qabul qilingan prezident qarori bilan yagona reyestrga kiritilgan fuqarolarga ayrim tovarlar xaridi uchun to‘langan QQS qaytarilishi belgilangandi. Bular qatorida qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, mol go‘shti, tuxum hamda o‘simlik yog‘i mavjud.
Dekabrda hukumat qarori bilan soliq organlarining QQS guvohnomasini to‘xtatib turish bo‘yicha vakolatlari cheklanishi haqida xabar berilgandi.