Shavkat Mirziyoyev 9-yanvar kuni savdo va xizmatlarni rivojlantirish, turizm va madaniyat maskanlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Avvalroq prezident 18-dekabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida topshiriqlar bergandi. Xususan, mamlakat turizm salohiyatini samarali ishga solib, turizm maskanlari va mehmon o‘rinlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlangandi.
Sayyohlar uchun sharoitlarni kengaytirish maqsadida Shahrisabzdagi Miraki, Parkentning Nurobod va Kumushkon hududlarida yangi dam olish maskanlarini barpo etish belgilangan.
Shuningdek, Qashqadaryodagi Maydanak tog‘ maskanida yengil konstruksiyali xostellar qurish, mavjud binolarni savdo va xizmatlarga qayta ixtisoslashtirish, hududni obodonlashtirish mo‘ljallangan.
Turistlar boradigan joylardan biri bo‘lgan bozorlarning ayrimlari sayyohlar uchun jozibador emasligi, ularda milliy kolorit yetishmasligi qayd etildi. Taqdimotda tarixiy shaharlardagi bozorlarni turistlar uchun jozibador maskanlarga aylantirish bo‘yicha dastlabki loyihalar namoyish qilindi.
“Bozorlarimizning o‘ziga xos jihatlarini saqlab qolgan holda ularni yurtimizning “tashrif qog‘ozi"ga aylantirish kerak. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, zargarlik do‘konlari, oshxonalar, ko‘ngilochar maskanlar hamohang bo‘lishi, xaridorlar va turistlarni o‘ziga jalb qilishi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu borada Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini o‘rganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi aytib o‘tildi.
Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turizm markazlarida qurilishi rejalashtirilayotgan bozorlar haqida axborot berildi. Davlat rahbari ularda ham hududiy koloritni aks ettirish, turistlar uchun kengroq sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Davlat rahbari loyihalarni takomillashtirish va sifatli qurish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Oktabr oyida prezident xorijiy sayyohlar sonini oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab bergandi. Xususan, Xitoydan Samarqand, Buxoro, Xorazmga, Surxondaryo va Farg‘ona vodiysiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yiladi.