Avvalroq prezident qarori bilan aholiga qaytariladigan 1% keshbek summasiga chegaraviy miqdor o‘rnatilgandi. Endilikda oyiga 20,4 mln so‘mlik cheklarni skanerlash mumkin.
Soliq qo‘mitasi fuqarolar tomonidan oyiga 204 ming so‘m miqdorida keshbek to‘lovlari miqdorini cheklash iste’molchilarning 98%iga ta’sir qilmasligini ta’kidladi.
“Foydalanuvchilarning qolgan 2%i boshqa shaxslarga tegishli cheklar summasini o‘zlashtirish yoki tadbirkorlar tomonidan chekni xaridorga bermasdan, o‘zlari yoki qarindoshlari tomonidan o‘tkazish holatlari yuzasidan shikoyatlar mavjudligi sabab, mazkur tartib joriy etildi”, — deya izoh berdi qo‘mita bosh inspektori Anvar Ne’matov.
O‘tgan yilning noyabr oyida fuqarolarning 98%i 200 ming so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda naqd pul to‘plagan. Shu sabab belgilangan miqdord “adolatli va to‘g‘ri”, deya qo‘shimcha qildi Ne’matov.
Bundan tashqari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan fuqarolarga sotib olingan QQS summasi qaytariladigan mahsulotlar ro‘yxati kengaytirildi.
Xususan, un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlar uchun ham 1% keshbek o‘rniga, QQS qaytariladi. Imtiyozli tovarlarning maksimal umumiy qiymati oyiga 3,4 mln so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq 2025-yildan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan fermerlarga soliq imtiyozlari qo‘llanilishi haqida xabar berilgandi.