Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi hukumat komissiyasi Qozog‘istondan olib kelingan elektrotexnika mahsulotlarining kelib chiqish sertifikatlarini (CT-1) qayta tekshirishni topshirdi. Bu 25-dekabrdagi 118-sonli Komissiya bayonida nazarda tutilgan (nusxasi “Spot"da mavjud).

Hukumat 2021−2022 yillarda Qozog‘istondan O‘zbekistonga import qilingan elektrotexnika mahsulotlarini “shubhali” deb hisoblaydi.

Shundan kelib chiqib, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “O‘zbekekspertiza” hamda Bojxona qo‘mitasiga kelib chiqish sertifikatlarini (CT-1) qayta tekshirish, aniqlangan muammolarni hal etish yuzasidan hukumatga takliflar kiritish topshirildi.

“Gazeta.uz"ning hukumatdagi manbasiga tayanib xabar berishicha, rasmiylar Qozog‘istondan elektr jihozlari importi ortganidan xavotirda ekani, import aslida Xitoy tomonidan amalga oshirilayotganini taxmin qilmoqda.

Xususan, xitoylik yetkazib beruvchilar go‘yoki Qozog‘istonda elektr jihozlari — konditsionerlar, muzlatgichlar va boshqa maishiy texnikalarni minimal mahalliylashtirish bilan yig‘ib, so‘ngra ularni MDH davlatlarining erkin savdo zonasi doirasida O‘zbekiston bozoriga bojsiz yetkazib berishadi.

Bundan tashqari, ISSV va “O‘zbekekspertiza” korxonasiga bir oy muddatda Toshkentdagi “Texnopark” korxonasida ishlab chiqarilayotgan sovutish tizimlari (fankoyl, chiller va boshqalar), gaz qozonlari, quyosh suv isitgichlari va “aqlli” gaz hisoblagichlarga kelib chiqish sertifikatini (C-1) belgilangan tartibda olish choralarini ko‘rish topshirildi.

Noyabr oyida prezident 2017-yildan buyon elektrotexnika sanoatida umumiy qiymati $640 mlnlik 224ta loyiha ishga tushirilganini ta’kidlagandi. Mamlakatga elektrotexnika mahsulotlari importi yiliga $800 mlnni tashkil etadi, mintaqaviy bozor esa $3 mlrdga baholanadi.

2024-yilda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida umumiy qiymati 2 mlrdlik 141ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Texnologiyalar, innovatsiyalar va xalqaro standartlarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga $100 mln ajratiladi.

Avvalroq o‘tgan yili elektrotexnika eksporti $1 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi.