Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) “Kapital Sug‘urta” tashkilotini jarimaga tortdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, tashkilotning moliyaviy hisobotlarini o‘rganish natijasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan me’yorlarga rioya qilinmaganlik faktlari aniqlangan.
Buning natijasida sug‘urta tashkilotiga nisbatan 162 mln so‘m miqdorida jarima solindi. Shuningdek, tashkilotning sug‘urta faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha berilgan litsenziyasi 11-yanvardan 10 kun muddatga to‘xtatildi.
Mazkur muddat davrida sug‘urta tashkilotiga yangi sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini tuzish, amaldagi sug‘urta shartnomalarini uzaytirish ta’qiqlanadi.
“Kapital Sug‘urta” ilgari tuzilgan sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni belgilangan tartibda bajarishi shartligi qayd etilgan.
2023-yilning oktabrida NAPP 8ta sug‘urta tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llagandi. Ular orasida “Kapital Sug‘urta” ham bor bo‘lib, 22,5 mln so‘m miqdorida jarima solingan.
Tushuntirish: “Kapital Sug‘urta” AK sug‘urta kompaniyasi “Kapitalbank"ning bo‘linmasi yoki hamkori emas. ATB “Kapitalbank” sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatmaydi.