Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanishni yaxshilash bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, suvdan foydalanish madaniyatini oshirish orqali “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish belgilanmoqda.
Shundan kelib chiqib, suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga suv yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlar bekor qilindi.
Suv xo‘jaligi vazirligining tuman (Quvasoy shahar) irrigatsiya bo‘limlari hamda maxsus xizmatlari negizida Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasalari tashkil etiladi. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan budjetga tushgan tushumning 40%i suv yetkazib berish xizmatlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Prezident tomonidan qabul qilingan qonunchilikdagi o‘zgarishlarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliqlarni yetishtirish (o‘stirish) uchun foydalaniladigan suv hajmi uchun soliqqa tortiladi. Xususan, soliq stavkasi bir kub metr uchun 100 so‘mni tashkil etadi.
2024-yildan Suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda har yili 25-martgacha vegetatsiya davri uchun va 25-sentabrgacha kuz-qish davri uchun suv manbalarning suvlilik darajasidan kelib chiqib, hududlar kesimida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun suv olish limitlarini tasdiqlaydi.
Tegishli tashkilotlar hamda hududiy qishloq xo‘jaligi boshqarmalari har yili vegetatsiya davri (1-aprelgacha) va kuz-qish davri (1-oktabrgacha) uchun yakuniy iste’molchilar kesimida ekinlarni sug‘orish uchun suv olish limitlarini hududlar bo‘yicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman kengashlariga kiritadi.
Iste’mol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan (yuritishdan bosh tortgan) fermerlar uchun suv solig‘i bazasi tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki baravar oshirilib hisoblanadi.
Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun fermerlarga suvkredit.uz platformasi orqali 5 yil muddatga kreditlar ajratiladi.
Mablag‘lar 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14% stavkada taqdim etiladi. Mazkur xarajatlarning bir qismini qoplashga subsidiyalar mazkur texnologiyalar joriy qilingan yilning o‘zida to‘liq miqdorda ajratiladi.
2025-yildan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda suv solig‘i stavkasiga 0,5 kamaytiruvchi koeffitsient qo‘llaniladi. Agar mazkur talablardan bittasi bajarilsa, soliq stavkasiga 0,7 kamaytiruvchi koeffitsient qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, baliqchilik uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda suv solig‘i stavkasiga 0,7 kamaytiruvchi koeffitsient qo‘llaniladi.
Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinmaganda hamda suv hajmi o‘lchash uskunalari orqali aniqlanmaganda suv solig‘i stavkasiga 1,5 oshiruvchi koeffitsient qo‘llaniladi.
Sug‘oriladigan yerlarda yangi bog‘lar, uzumzorlar va boshqa ko‘p yillik o‘simliklar, yengil konstruksiyali issiqxonalarni tashkil etishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan xulosalar faqat suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda beriladi.
4-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.