Turkiya hukumatining “Turkiye Burslari” grant dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.

Unda butun dunyodan nomzodlar bakalavr, magistratura va PhD darajalari uchun hujjat topshirishi mumkin.

Har bir yo‘nalishning ma’lum yosh chegarasi mavjud: bakalavr uchun 21 yosh, magistratura uchun 30 hamda PhD uchun 35 yoshdan oshmagan bo‘lishi kerak.

Hujjatlar turkiyeburslari.gov.tr platformasi orqali onlayn qabul qilinib, akademik baholar, yutuqlarni tasdiqlovchi hujjatlar hamda tavsiyanomalar joylashtiriladi. Shuningdek, boshqa hujjatlar ham joylanishi mumkin.

Bakalavriatura uchun o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 70%, magistratura uchun esa 75%dan past bo‘lmasligi zarur. Bundan tashqari, agar har ikkita daraja uchun hujjat topshirishni istagan nomzod sog‘liqni saqlash yo‘nalishini tanlasa, u holda o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 90% bo‘lishi shart.

Arizalarni hamda niyat xatini nomzod (PhD dan tashqari) o‘zi uchun qulay bo‘lgan tilida (o‘zbek tilida ham) to‘ldirishi mumkin.

Magistratura va PhD uchun hujjat topshirishda niyat xati bilan birga o‘qish davomida tadqiq qilmoqchi bo‘layotgan ilmiy mavzu haqida ham so‘raladi: tanlagan mavzusi, ahamiyatlili, kerakli adabiyotlar va boshqalar.

Shuningdek, platforma orqali 12tagacha bo‘lgan universitet va yo‘nalishlarni tanlash mumkin. Bunda tanlagan yo‘nalishi oldingi tahsil olgan mutaxassisligi bilan to‘g‘ri kelishi zarur.

Dastur doirasida qabul qilinganlarga turar joy, oziq-ovqat, tibbiy sug‘urta va aviachipta xarajatlari qoplab beriladi. Bundan tashqari, barcha yo‘nalishlar uchun quyidagicha oylik stipendiya beriladi:

  • Bakalavriat darajasi uchun — 3500 lira ($116);
  • Magistratura darajasi uchun — 5 ming lira ($166);
  • PhD uchun — 6 500 lira ($217).

Ariza jo‘natish uchun nomzod tizimda ro‘yxatdan o‘tib, barcha bo‘limlarda so‘ralgan ma’lumotlarni to‘ldirishi va hujjatlarni kiritishi kerak.

Bunda, hujjatlarni platformaga kiritish dasturning birinchi bosqichi bo‘lib, undan keyin saralangan nomzodlar suhbatga chaqiriladi.

Shuningdek, platformada suhbatdan o‘tish joyini ham tanlash mumkin. O‘zbekistonliklar uchun suhbat Toshkentda o‘tkaziladi.

Arizalarni 20-fevralgacha havola orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq Buyuk Britaniyaning Briston universitetida o‘qish uchun “Think Big” grant dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.