“Twitch” striming xizmati xodimlarining 35%ini yoki 500 kishini qisqartirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi “Bloomberg” nashri.
Qayd etilishicha, “Amazon” internet giganti tomonidan sotib olinganidan keyin to‘qqiz yil o‘tib xizmat biznesi foydasizligicha qolmoqda.
Qisqartirishlar “Twitch"ning yo‘qotishlari va bir qancha top-menejerlarning kompaniyani tark etishi haqidagi xavotirlar fonida sodir bo‘ldi.
Kompaniya rahbarlarining so‘zlariga ko‘ra, “Twitch” “Amazon” infratuzilmasiga tayanganiga qaramay, oyiga 1,8 mlrd soatlik video kontentni qo‘llab-quvvatlaydigan keng ko‘lamli saytni boshqarish katta xarajatlarni talab qiladi.
Dekabr oyida “Twitch” bosh ijrochi direktori Den Klansi kompaniya 2024-yilning fevral oyida Janubiy Koreyadagi faoliyatini to‘xtatishini aytdi. Bu yuqori operatsion xarajatlar va tarmoq to‘lovlari bilan bog‘liq.
“Twitch” 2023-yilda ikki marta ishdan bo‘shatishni amalga oshirdi va “Amazon"ning ommaviy qisqartirishlari doirasida 400 dan ortiq xodimlarni ishdan bo‘shatdi.
“Bloomberg"ning ta’kidlashicha, “Amazon” 2022-yilda tarixdagi eng yirik korporativ ish o‘rinlarini qisqartirishni boshlagan va kompaniyadagi lavozimlar sonini 27 000 taga qisqartirishni rejalashtirgan.
2023-yil yanvar oyida kompaniya iqtisoddagi noaniqlik va so‘nggi yillarda ortiqcha ishga yollanganligi sababli 18 mingdan ortiq xodimni ishdan bo‘shatishini e’lon qildi.
Oktabr oyida “Amazon"ning musiqa bo‘limida, jumladan, audio oqim platformasi va raqamli qo‘shiqlar do‘konida yangi qisqartirishlar ro‘y berdi.