10-yanvar kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Toshkentdagi “Energiya” muvofiqlashtirish va dispetcherlik markaziga energetika sektorini boshqarish bo‘yicha asbob-uskunalar va dasturiy ta’minotni topshirdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mintaqadagi energiya rejimini saqlash uchun dolzarb ma’lumotlarni namoyish qilish imkonini beruvchi texnologiyalar qiymati $1,4 mlnni tashkil etadi. Yangi qurilmalar Markaziy Osiyo elektr energiyasi oqimini boshqarish hamda nazorat qilish imkoniyatini yaxshilaydi.
Shuningdek, ortib borayotgan muammolarga duch kelayotgan mintaqaviy tizim operatori sifatida MDM “Energiya” ishini modernizatsiya qilishi qayd etilgan.
“Markaziy Osiyoning energetika tizimi kengayib, yanada murakkablashib borar ekan, energetika sohasini rivojlantirishni rejalashtirish uchun innovatsion yechimlar zarur. Biz birgalikda qayta tiklanuvchi energiya manbalari tizimiga o‘tishning murakkab muammolariga javob beruvchi poydevor quryapmiz”, — dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik.
Zarur asbob-uskunalarni yetkazib berish USAIDning “Power Central Asia” mintaqaviy energetika loyihasi orqali amalga oshirilishi mumkin. Loyiha $39 mlnni tashkil etib, 5 yilga mo‘ljallangan.
Loyiha energetika sektori faoliyatini yaxshilash, toza energiya rivojlanishini tezlashtirish, mintaqaviy aloqalar va transchegaraviy energiya savdosini kengaytirish orqali energiya xavfsizligi hamda barqarorligini oshirishga qaratilgan. Agentlik toza energiyaga $2,2 mlrd sarmoya kiritdi.
Avvalroq mamlakatda 2024-yilda quyosh elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 2,6 gigavattga, shamol elektr stansiyalari quvvatini 900 megavattga yetkazish va 400 megavattlik energiya saqlash qurilmalarini ishga tushirish rejalashtirilgani ma’lum qilingandi.