Avvalroq O‘zbekiston hukumati import qilinadigan elektrotexnika mahsulotlari kelib chiqish sertifikatlarini qaytadan tekshirishi haqida xabar berilgandi. Hukumat 2021−2022 yillarda Qozog‘istondan import qilingan maishiy texnikani “shubhali” deb hisoblaydi.
Mamlakatda maishiy texnika importiga 10%lik antidemping bojlari joriy etilishi mumkin. Bu bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi hukumat komissiyasining 25-dekabrdagi 118-sonli majlisi bayonida nazarda tutilgan (hujjat nusxasi “Spot"da mavjud).
Iqtisodiyot va Moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi va “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga ikki oy muddatda xorij tajribasidan kelib chiqqan holda O‘zbekistonga maishiy texnika olib kirishda maxsus bojxona to‘lovlarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqib, hukumatga kiritish topshirildi.
Bundan tashqari, yuqoridagi davlat organlari tomonidan quyidagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqiladi:
- mahalliy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining marketing tadqiqotlari va reklamaga oid xarajatlarni ikki koeffitsientdan foydalangan holda foyda solig‘i bazasidan chegirish;
- yirik auditor va reyting agentliklaridan marketing va auditorlik tadqiqotlarini o‘tkazish uchun qilingan xarajatlarni qoplash;
- bozor narxlaridan pastroq xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalarni istisno tarzida soliq oqibatlaridan ozod qilish;
- soliq va bojxona to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan undiriladigan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida (hozirda 14%) foizlar qo‘llanilmagan holda to‘lovni 180 kungacha kechiktirish.
Elektrotexnika sohasida soliq va bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati o‘tish davrini hisobga olgan holda 2027-yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi va Eksportni rag‘batlantirish agentligiga o‘n kun muddatda yirik xorijiy chakana savdo tarmoqlariga to‘lovlarni kechiktirib to‘lash sharti bilan elektrotexnika mahsulotlari eksport qiluvchi korxonalarning “faktoring” hamda “valyuta kursini xej qilish” xizmatlaridan foydalanganlik uchun xarajatlarni qoplash mexanizmini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
O‘z navbatida, Bojxona qo‘mitasi texnik tartibga solish organi tomonidan reglament talablari va standartlarga mos kelmaydigan elektrotexnika mahsulotlarining erkin aylanishini qat’iy taqiqlash, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi o‘zlashtirilgan elektrotexnika va elektrmaishiy mahsulotlar importi uchun bojxona to‘lovlarini hisoblashda xos stavka metodidan foydalanishni nazorat qilish choralarini ko‘radi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi taklifiga asosan, yirik elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi korxonalarni “vakolatli iqtisodiy operatorlar” ro‘yxatiga kiritish rejalashtirilgan.
2023-yilning noyabrida prezident 2017-yildan buyon elektrotexnika sanoatida umumiy qiymati $640 mln bo‘lgan 224ta loyiha ishga tushirilganini ta’kidlagandi. Shunga qaramay, mamlakatga elektr jihozlari importi yiliga $800 mlnni tashkil etadi, mintaqaviy bozor esa $3 mlrdga baholanadi.
2024-yilda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida umumiy qiymati $2 mlrdlik 141ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Texnologiyalar, innovatsiyalar va xalqaro standartlarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga 100 mln ajratiladi.