O‘zbekiston va Turkmaniston xalqaro yuk tashuvlari uchun yig‘im va to‘lovlarni optimallashtiradi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
10-yanvar kuni ikki davlat ekspert ishchi guruhi vakillari avtomobil tashuvlari bilan shug‘ullanuvchi haydovchilardan undiriladigan yig‘im va to‘lovlar masalasini muhokama qildi.
Tomonlar yuk tashuvchilar uchun viza tartiblarini soddalashtirish bo‘yicha hukumatlararo bitimni imzolashni tezlashtirishga kelishishdi.
Bundan tashqari, Turkmaniston ruxsatnoma blankalarini onlayn almashishni nazarda tutuvchi “E-Permit” tizimiga o‘tish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirmoqda.
O‘tgan yilning martida O‘zbekiston mamlakat bilan avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirishda yuqoridagi tizimga o‘tish taklifini bildirgandi.
Iyun oyida tomonlaar raqamli yuk tashish tizimini (e-TIR) ishga tushirdi. Bu mamlakatlar o‘rtasida tovarlarni rasmiylashtirish jarayonini yaxshilash va qisqartirish imkonini berdi.
Avvalroq Xitoy kompaniyasi Shenchjendan Toshkentga avtomobil orqali yuk tashishni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.