Avvalroq Xitoy kompaniyalari bilan Andijonning 10ta hududida GESlar qurish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi ma’lum qilingandi.
Mamlakatning “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co Ltd” kompaniyasi bilan gidroelektr stansiyalarini tashkil etish borasida kelishuvga erishildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Loyiha qiymati $60 mlnni tashkil etadi. Uning doirasida Baliqchi, Bo‘ston, Buloqboshi, Jalaquduq, Marhamat, Paxtaobod, Ulug‘nor hamda Xo‘jaobod tumanlarida kichik GESlar quriladi.
Bundan tashqari, “Yongkang Zenuan Import And Export Co Ltd” kompaniyasi bilan drel, bolgarka ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Loyiha qiymati $100 mlnni tashkil etadi.
“Zhejiang He Da Aluminium Industry” kompaniyasi bilan esa, $100 mlnlik avtomobillarga butlovchi qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasi amalga oshiriladi. Yana bir qiymati $100 mln bo‘lgan “Isitish radiatorlari ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi “Zhejiang Nawas Industry and Trade Co Ltd” kompaniyasi bilan olib boriladi.
Shuningdek, “Qingdao Fadel International Trade” kompaniyasi bilan $50 mlnlik 5ta loyiha bo‘yicha memorandum imzolandi.
Loyiha doirasida Xonobodda kabel, qishloq xo‘jaligi texnikalarini hamda qozonxonalar uchun kogeneratsiya ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, tekstil yo‘nalishi hamda krossovkalar ishlab chiqarish yo‘nalishlarida loyihalar amalga oshiriladi.
Avvalroq Xitoyning “Lanzhou Guangtong New Energy Automobile” kompaniyasi Andijonda elektrobuslar hamda elektroskuterlar ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.