O‘tgan yilning noyabrida O‘zbekiston Rossiya tomonidan mintay va seld balig‘ini ovlashga kvota hajmlarini oshirishni so‘ragandi.

Rossiya O‘zbekistonga mintay va seld balig‘ini ovlash uchun kvota hajmini oshiradi, deya xabar berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

“O‘zbekbaliqsanoat” va “Baliqchilik Federal agentligi” o‘rtasida baliq ovlash kvotalari taqsimoti va keyinchalik uni mamlakatga yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Tomonlar Rossiya iqtisodiy zonalarida baliq ovlash kvotasini ajratish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv imzolashga kelishdi.

Rossiya tomoni mintay balig‘ini ovlash kvotasini 50 ming tonnaga, seld balig‘ini esa 20 ming tonnaga oshiradi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya baliqchilik sohasida qo‘shma korxona tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

O‘tgan yilning 1-oktabridan baliqchilik xo‘jaliklari uchun suv havzalari hududlari onlayn-auksionga qo‘yila boshlandi. Baliqchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarga 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.

Prezident noyabr oyida 50tagacha kichik baliqchilik suv havzalarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergandi. 35 ming gektar sun’iy suv havzalariga aerator o‘rnatish orqali ularning hosildorligini 3−4 barobar oshirish kutilmoqda.


Avvalroq asosiy mahsulotlar importiga nol bojlar yana bir yilga uzaytirilayotgani haqida xabar berilgandi.