Rossiyaning “Ural Airlines” aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam reyslarni qayta yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Aviakompaniya O‘zbekistonning beshta shahriga Airbus A320 va A321 samolyotlarida parvozlarni amalga oshiradi. Birinchi parvoz 13-yanvarga mo‘ljallangan.
“Ural Airlines” beshta yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni quyidagi kunlarda amalga oshiradi:
- Ekaterinburg — Samarqand — seshanba va juma kunlari;
- Moskva — Namangan — dushanba va shanba kunlari;
- Moskva — Toshkent — har kuni;
- Moskva — Qarshi — seshanba, payshanba va shanba kunlari;
- Samara — Urganch — payshanba kunlari.
Hozirda aviakompaniya faqat Qirg‘iziston va Tojikistonga xalqaro reyslarni amalga oshiradi. Bungacha “Vedomosti” nashri Federal havo transporti agentligi samolyot huquqlari bilan bog‘liq muammolar sababga barcha xorijiy reyslarni to‘xtatganini xabar qilgandi.
“Ural Airlines” parkiga 52ta Airbus samolyoti kiradi. Ulardan ba’zilari Rossiyada va chet elda ikki marta ro‘yxatdan o‘tishdan “tozalanmagan”, bu esa ko‘pgina xorijiy yo‘nalishlarda samolyotlardan foydalanishga ruxsat bermaydi.
Shu sababli, Rosaviatsiya kompaniyaning bir qator xalqaro yo‘nalishlarga ruxsatnomalarini vaqtincha boshqa kompaniyalarga yo‘naltirdi. “Aeroflot”, “Azimut” va “Red Wings” Toshkent va Buxoroga parvoz qilish uchun qo‘shimcha ruxsat oldi. Dekabrda “Ural Airlines” yanvardan O‘zbekistonga parvozlarni tiklashi aytilgandi.
Yil oxirida Krasnoyarsk-Toshkent yo‘nalishida parvozlar tiklangani ma’lum bo‘ldi. 18-yanvardan aviakompaniya ushbu yo‘nalish bo‘yicha haftada bir marta — payshanba kunlari parvoz qilishni rejalashtirgandi.
Avvalroq “Humo Air” xususiy aviakompaniyasi Samarqand-Urganch yo‘nalishida parvoz qila boshlagani haqida xabar berilgandi.