“Pixar” studiyasi bir qator loyihalarni yakunlashi munosabati bilan ish o‘rinlarini qisqartirish niyatida, deya xabar bermoqda “Reuters” nashri.
Avvalroq “TechCrunch” nashri, “Pixar” joriy yilda o‘z xodimlarining 20%ini ishdan bo‘shatishi, studiya xodimlarini 1300dan 1000dan kam odamga qisqartirishi mumkinligini yozgan edi.
“Reuters” manbasi bu ma’lumotni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Pixar” hozircha qisqartiriladigan xodimlar sonini hal qilmagan.
2023-yilning may oyida “Pixar” 75 ta ish joyini qisqartirgan edi. Ushbu qisqartirishlar studiyadagi 10 yil ichida birinchi bo‘ldi.
Ishdan bo‘shatilganlar orasida studiyaning so‘nggi yirik premyerasi — “Yorug‘lik yili / Baz yorqin yulduz” multfilmi direktori Angus Makleyn va shu multfilm prodyuseri Galin Sassman ham bor edi.
Ushbu ishdan bo‘shatishlar “Disney” bosh direktori Bob Igerning kompaniyadagi 7000 ta o‘rinni va $5,5 mlrdlik xarajatlarni qisqartirish rejasining bir qismi edi, deb yozgan edi o‘sha paytda “Reuters”.
"Pixar" “O‘yinchoqlar tarixi”, “Maxluqlar korporatsiyasi”, “Superoila”, “Chaqmoq Makvin”, “Boshqotirma” kabi multfilmlari va boshqa asarlari bilan mashhur.
Studiya bir necha bor turli nominatsiyalar bo‘yicha Oskar mukofotini qo‘lga kiritgan. Kompaniya “Yulduzlar jangi” muallifi Jorj Lukas tomonidan o‘zining “Lucasfilm” studiyasining bo‘linmasi sifatida yaratilgan.
1986-yilda kompaniya “Apple” asoschisi Stiv Jobs tomonidan sotib olindi va uni “Pixar” deb nomlangan alohida korxonaga aylantirdi. “Disney” “Pixar"ni 2006-yilda sotib olgan.
Avvalroq “Spot” “Amazon"ga tegishli “Twitch” xodimlarining 35%ini ishdan bo‘shatishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, “Amazon” tomonidan sotib olinganidan keyin to‘qqiz yil o‘tib xizmat biznesi foydasizligicha qolmoqda.