Tadbirkorlar tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2024-yildan tadbirkorlardan talab qilinadigan 8 turdagi hisobot va statistik ma’lumotlar bekor qilinadi. Gap o‘zaro bir-birini takrorlovchi va davlat organlarining boshqa organlardan olish imkoniyati mavjud bo‘lgan hisobotlar haqida ketmoqda.
Endilikda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Soliq qo‘mitasi, respublika tovar xom ashyo birjasi hamda Bojxona qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadigan quyidagi hisobotlar talab etilmaydi:
- Sug‘urtalovchilarning moliyaviy hisobot shakli “Buxgalteriya balansi” — 1-sonli shakl (sug‘urta);
- Sug‘urtalovchilarning moliyaviy hisobot shakli “Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot” hug — 2-sonli shakl (sug‘urta);
- Sug‘urtalovchilarning moliyaviy hisobot shakli “Pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobot” — 4-sonli shakl (sug‘urta);
- Sug‘urtalovchilarning moliyaviy hisobot shakli “Xususiy kapital to‘g‘risidagi hisobot” — 5-sonli shakl (sug‘urta);
- Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik va boshqa buyumlarni ishlab chiqarish faoliyati;
- Erkin omborga joylashtirilgan tovarlar va ularning harakati to‘g‘risida hisobot;
- Bojxona omboriga joylashtirilgan tovarlar va ularning harakati to‘g‘risida hisobot;
- Boj olinmaydigan savdo do‘konidagi tovarlar va ularning harakati bo‘yicha hisobot.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistik ma’lumotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlandi. Hisobotlar faqat axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.
2026-yilgacha “tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti” orqali hisobotlarni shakllantirish va davlat organlariga taqdim etishni nazarda tutuvchi yagona hisobotlar tizimi joriy qilinadi.
Hisobotlarni topshirish 2026-yildan barcha tadbirkorlar uchun ixtiyoriy, 2027-yildan kichik va o‘rta tadbirkorlar uchun, 2028-yildan esa barcha tadbirkorlar uchun majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Avvalroq prezident yagona hisobotlar tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriq bergandi. Joriy yildan tadbirkorlar uchun 34 turdagi hisobotlar bekor qilinadi. Bu har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 mln so‘m xarajati tejash imkonini beradi.
Prezident qarori bilan 2024-yilning 1-martidan litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning 22 turi bekor qilinadi. Litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishda video aloqa yordamida talabgorlar hujjatlari talab va shartlarga muvofiqligini masofadan turib baholash tartibi joriy etiladi.