“Tesla” Berlin yaqinidagi zavodda elektromobillar ishlab chiqarishni to‘xtatmoqchi, deya xabar bermoqda “Reuters” nashri.
Kompaniya aksar avtomobillarini ishlab chiqarishni vaqtincha, butlovchi qismlar yetishmasligi sababli chekladi.
Bunga Qizil dengizdagi kemalarga hujumlar tufayli transport yo‘nalishlarining o‘zgarishi sabab bo‘lgan.
“Tesla” holatni hisobga olgan holda Germaniyada ishlab chiqarishni 29-yanvardan 11-fevralgacha qisqartirishni rejalashtirmoqda.
“Qizil dengizdagi qurolli mojarolar va Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi transport yo‘nalishlaridagi o‘zgarishlar, bu bilan bog‘liq holda kemalarni Umid burni orqali o‘tishga majbur qilish Gryunxeyddagi ishlab chiqarishga ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deyiladi “Tesla” bayonotida.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, o‘zgarishlar yetkazib berishda sezilarli kechikishlarga olib keldi va ta’minot zanjirlarida uzilishlarga sababchi bo‘ladi.
Avvalroq tahlilchilar xusiylarning Qizil dengizdagi savdo kemalariga uyushtirgan hujumlari tufayli jahon savdosi 1,3%ga qisqarganini taxmin qilishgan edi.
“Tesla” Qizil dengiz bo‘ylab yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli ishlab chiqarishdagi uzilishlar haqida xabar bergan birinchi kompaniya bo‘ldi.
Ammo boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar ham xusiylarning savdo kemalariga hujumidan aziyat chekishi mumkin, deb qo‘shimcha qiladi “Reuters”.
"Osiyodan, xususan, Xitoydan ko‘p miqdorda butlovchi qismlarga tayanish har qanday avtomobil ishlab chiqaruvchisi yetkazib berish zanjirida potentsial zaiflik hisoblanadi. “Tesla” Qizil dengiz orqali Yevropaga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan akkumulyatorlarni Xitoydan oladi", deya tushuntirdi agentlikka “AutoForecast Solutions” vitse-prezidenti Sem Fiorani.
Ko‘pgina kompaniyalar, jumladan, Xitoyning savdo hajmi bo‘yicha ikkinchi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi “Geely” va Shvetsiyaning uy jihozlari ishlab chiqaruvchi “IKEA” kompaniyalari allaqachon yetkazib berish kechikishi haqida ogohlantirgan, deydi “Reuters”.