Yanvar oyi oxirigacha “Yandeks Eats” yetkazib berish xizmati Andijon va Farg‘onada ishga tushadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
“Yanvar oyi oxirigacha Andijon va Farg‘ona aholisi bizning xizmatimizdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Farg‘ona vodiysida ishga tushirilgandan so‘ng O‘zbekistonning boshqa shaharlariga ham kirishni rejalashtirganmiz”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Kelgusida taom va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish xizmati Namangan va Buxoroda ham ishlashi mumkin.
“Yandeks Eats” xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va oziq-ovqat yetkazib berish vaqtini qisqartirish istagida. Xususan, bunga yetkazib berish yo‘nalishlarini hisoblashning yangi algoritmlarini joriy etish va ichki biznes jarayonlarini o‘zgartirish orqali erishish rejalashtirilgan.
Hozirda oziq-ovqat yetkazib berishning o‘rtacha vaqti taxminan yarim soatni tashkil etadi.
Bu yil “Yandeks Eats” turli auditoriyalarning ortib borayotgan talablarini qondirish maqsadida ko‘proq kuryerlar, restoranlar va chakana sotuvchilarni jalb qiladi.
O‘tgan yilning mart oyida Toshkentda “Yandeks Eats” tayyor oziq-ovqat va boshqa tovarlarni yetkazib berish xizmati ishga tushirildi. Oradan bir-ikki oy o‘tib, Samarqandda ham taom va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish xizmati ish boshladi.