O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv tarmoqlari bo‘yicha debitor qarzdorlik 938,7 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Bu haqda “O‘zsuvta'minot” matbuot xizmati rahbari Akmal Murodov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, jismoniy iste’molchilarning qarzdorligi 757,3 mlrd so‘mni tashkil etadi. Qolgan 181,4 mlrd so‘mlik qarzdorlik esa yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bugungacha debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha sudlarga jami 33,4 mingta 143,4 mlrd so‘mlik da’vo arizalar kiritilgan. Sud qarori qabul qilingan 73,6 mlrd so‘mlik 16,2 mingta ijro varaqalari MIBga taqdim etilib, shundan 4,7 mingta ijro varaqalari bo‘yicha 16,2 mlrd so‘mlik mablag‘lar undirildi.
Shuningdek, suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati uchun har oyning 10-sanasigacha 100% oldindan to‘lovlarni amalga oshirishlari lozimligini ta’kidlandi.
“O‘zsuvta'minot” AJ va hududiy korxonalari tomonidan o‘tgan davr mobaynida 76 ming marotabaga yaqin reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Ular davomida 12,7 mingta qoidabuzarlik holatlari aniqlangan bo‘lib, jami 80,6 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.
Shuningdek, 8,7 mingta holatda iste’molchilar tomonidan suv o‘lchagichdan foydalanish qoidalariga amal qilinmagani aniqlanib, 34,9 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi.
Aniqlangan qoidabuzarliklarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilib, xususan 5,2 mingta iste’molchi tegishli tartibda tarmoqdan uzildi.
2024-yildan ichimlik suv va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantirilishi belgilangan.
2023-yilning 1-avgustidan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida narxlarning yangi tarifi joriy etildi. 20-avgustdan Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun narxlar oshirildi.
Shuningdek, Xorazm, Samarqand hamda Farg‘ona viloyatlarida ham ichimlik va oqova suv xizmatlari narxiga yangi tariflar belgilandi. 9-dekabrdan Toshkent shahrida, 15-dekabrdan esa Sirdaryo viloyatida ichimlik va oqova suv narxining yangi tariflari joriy qilindi.
Yil oxiriga kelib, Qashqadaryoda ikkinchi marotaba tariflarga o‘zgartirishlar kiritildi. 15-yanvardan Qoraqalpog‘iston hamda Buxoroda ham ichimlik va oqova suv narxlari oshiriladi.