Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2023-yilda biznes muhitidagi to‘siqlarni tahlil qildi. Bu haqda markaz matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning o‘rtacha 53%i O‘zbekistonda biznes yuritishda hech qanday to‘siq yo‘qligini ta’kidlagan.

Bu ko‘rsatkich dastlabki to‘rt oyda 49%ni tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyida maksimal 58%ga yetdi. Yil oxiriga kelib, kichik sakrash bilan boshlang‘ich darajaga o‘rtacha pasayish kuzatildi.

Biznesni yuritishga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadigan to‘siqlarga moliyalashtirishdan foydalanish (15%) va yer (7%) bilan bog‘liq qiyinchiliklar kiradi.

Eng muhim to‘siqlar beshligiga soliq ma’muriyati (respondentlarning 7%i), yuqori soliq stavkalari (6%) va elektr ta’minoti (6%) kiradi.

Shuningdek, sanoat sohasidagi kompaniya rahbarlarining 19%ini moliyalashtirishdan foydalanishdagi qiyinchiliklar xavotirga solgan.

Qishloq xo‘jaligida asosiy to‘siq suv ta’minoti (ishtirokchilarning 10%i), qurilish sohasida esa soliq ma’muriyatchiligi (7%i) va korrupsiya (3%) bo‘ldi.

Avvalroq 2023-yilda O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar faolligi sezilarli darajada pasaygani haqida xabar berilgandi.