Italiyaning “Cotonella” ichki kiyimlar brendi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Yevropa Ittifoqiga yetkazishni boshladi. Bu haqda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi xabar berdi.
Ishlab chiqarishni mamlakatga ko‘chirish niyati 2023-yilning yozida ma’lum bo‘lgandi. Kompaniya ilgari yetkazib beruvchilari joylashgan mamlakatlarda rentabellikning qisqarishi, ishchi kuchi tanqisligi va energiya narxining oshishiga duch keldi.
O‘tgan yilning iyulida “Cotonella” O‘zbekistonda zavod ochish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. 3,5 mln tonna paxta xom ashyosi yetishtirilishi, malakali ishchilar va nisbatan arzon energiya mavjudligi sabab mamlakat tanlangan.
Italiya kompaniyasining mahalliy hamkori Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi “Ko‘kdala klasteri” bo‘ldi. Yanvar oyida qo‘shma korxona tomonidan umumiy qiymati $100 minglik uch turdagi trikotaj mahsulotlari eksport qilindi.
Yangi joyda zavod barpo etilishi $5 mlndan ortiq xorijiy sarmoyani jalb etish, 100dan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlash imkonini berdi. Uyushma qo‘shma korxona mahalliy korxonalarga xorijiy tajribani joriy etishga hissa qo‘shishini kutmoqda.
Birinchi bosqichda zavod yiliga 2 mln donagacha mahsulot ishlab chiqaradi. Keyinchalik ishlab chiqarish hajmi 8 mln donaga, ish o‘rinlari soni esa 500taga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.
“Cotonella” 1972-yildan buyon ayollar, erkaklar va bolalar trikotaj ichki kiyimlarini ishlab chiqaradi. Har yili 20 mlndan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, 24ta mamlakatda, asosan Yevropada sotiladi.
Avvalroq Italiyaning “Eurotecnica” kompaniyasi O‘zbekistonda melamin ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.