O‘zbekistonda yagona transport-logistika operatorini yaratish taklif etilmoqda. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi hukumat komissiyasining 25-dekabrdagi 118-sonli majlisi bayonida qayd etilgan. (Hujjat nusxasi “Spot"da mavjud).
Transport vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga ikki oy muddatda tashqi savdo logistikasini takomillashtirish, logistika xarajatlarini 30%ga kamaytirish va yangi logistika yo‘laklarini joriy etish bo‘yicha yagona transport-logistika operatori tizimini yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqib, hukumatga kiritish topshirildi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirli, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bir oy muddatda mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlar va xomashyo importiga transport xarajatlarining 50%ini ishlab chiqaruvchilarga yoki xalqaro transport yuk tashuvchi korxonalarga kompensatsiya qilish tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritadi.
Transport vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirli, Iqtisodiyot vazirligi va Eksportni rag‘batlantirish agentligiga mahalliy ishlab chiqaruvchilarning import-eksport xarajatlarini optimallashtirish maqsadida har moliyaviy yil boshida xalqaro logistika kompaniyalaridan arzonlashtirilgan logistika kvotalarini bron qilish topshirildi.
Eksportni rag‘batlantirish agentligi eksport qiluvchi korxonalar o‘rtasida 1%lik ustama bilan kvotalar olish va taqsimlash bo‘yicha vakolatli davlat organi etib tayinlanadi.
Avvalroq mazkur hujjat bilan O‘zbekistonga import qilingan elektrotexnika mahsulotlari sertifikatlari qayta tekshirilishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, mamlakatda maishiy texnika importiga 10%lik antidemping bojlari joriy etilishi mumkin.
10-yanvar kuni elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi. Hujjat bilan elektrotexnika sanoatidagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi.
1-fevraldan O‘zbekistonga elektortexnika mahsulotlarini olib kirishda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lishi talab qilinadi. Rasmiy vakillarning servis xizmati bo‘lishi kerak hamda ular sifat, xavfsizlik va servis kafolatini ta’minlaydi.