2023-yil yakuniga ko‘ra, Samarqand xalqaro aeroportida yo‘lovchilar oqimi ikki barobardan ortiqqa oshdi, deya xabar berdi xalqaro aeroprot matbuot xizmati.
O‘tgan yili Samarqand aeroportiga xizmat ko‘rsatuvchi “Air Marakanda” xususiy kompaniyasi 1,01 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Natijada 2022-yildagi ko‘rsatkichdan 2 barobar ko‘proqni tashkil etgan.
Samarqandga to‘qqizta yangi aviakompaniya parvoz qila boshladi, shundan 5tasi xorijiy aviakompaniya hisoblanadi. Ular orasida “Jazeera Airways”, “Pobeda”, “Panorama Airways”, “China Southern”, “Silk Avia”, “Humo Air”, “Centrum Air”, “SunExpress” va “UVT Aero” aviakompaniyalari bor.
O‘tgan yili Samarqanddan eng mashhur yo‘nalishlar Moskva, Istanbul, Sankt-Peterburg, Abu-Dabi va Dubay bo‘ldi. Eng mashhur mintaqaviy yo‘nalish esa — Toshkent.
Xalqaro havo qatnovi 918,5 ming yo‘lovchi (o‘sish 106,4%), ichki havo qatnovi esa 92,3 ming kishi (91,2%)ga to‘g‘ri keldi.
Ayni paytda Samarqand xalqaro aeroporti 7ta ichki va 21ta xalqaro yo‘nalishlarga parvozlarni amalga oshirmoqda. Birinchi marotaba Tel-Aviv, Urumchi, Jidda, Quvayt, Izmir, Mineralne Vodi, Ufa, Samara hamda Urganchga parvozlar ochildi.
2022-yilda Samarqand aeroporti boshqaruvi “Air Marakanda” xorijiy korxonasiga o‘tkazildi. 2023-yilning noyabrida Samarqand aeroportiga Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining mintaqaviy aviatsiya xabi maqomi berilishi ma’lum qilindi.
Dekabrda esa xalqaro aeroportda avtomatlashtirilgan parkovka ishga tushdi. Tizim orqali avtomatik tarzda avtoturargohga kirish va chiqishni amalga oshirish mumkin. To‘lovlar naqd pul va bank kartalarida amalga oshiriladi.