Avvalroq prezident raisligida joriy yilda iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hukumat oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazligani haqida xabar berilgandi.

“Spot” unda ilgari surilgan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamladi.

O‘tgan yili iqtisodiy o‘sish 6%ni tashkil qilgani, bu yil ham bu borada katta rejalar olingani qayd etildi. Ularni amalga oshirish uchun iqtisodiy kompleks juda qattiq ishlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Iqtisodiy kompleksda jami 40 nafar rahbar o‘rinbosarlari bor. Lekin, hozir iqtisodiyotga mas’ullarda zamonga munosib fikrlash, qaror qabul qilishda tezkorlik yetishmayapti. Ayrim rahbar o‘rinbosarlari o‘ziga mas’uliyat olmasdan, mudrab o‘tirgani tanqid qilindi.

Davlat rahbari tizimni qayta ko‘rib chiqib, iqtisodiy kompleksdagi o‘rinbosarlar sonini 15%ga qisqartirish bo‘yicha taklif kiritishga topshiriq berdi.

Bunda har bir tumanda, viloyatdagi iqtisodiy kompleksning rahbar va o‘rinbosarlari hamda 11 ta vazir va idora rahbari, o‘rinbosarlariga mas’uliyati va javobgarligi aniq belgilab beriladi. So‘rov ham shunga yarasha qattiq bo‘ladi.


Iqtisodiy kompleks rahbarlariga samaradorlik ko‘rsatkichlari joriy etiladi

Iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etiladi. Ish haqi ham ularning ijrosiga bog‘lanadi.

Ushbu rahbarlar bir hafta muddatda xalqqa murojaat qilib, rejalarini oddiy tilda tushuntiradi hamda o‘ziga katta mas’uliyat va javobgarlik oladi.

Endi vazir o‘rinbosarlarini 70% ishi tumanda bo‘lib, ular vazirlik uchun belgilangan KPI ijrosini joyida tashkil qiladi.

Belgilangan rejalarga erishish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi: vazirlik va idora rahbarlarining hisoboti har haftada hukumatda, har chorakda esa Oliy Majlisda ko‘rib chiqiladi.


2024-yilda YaIM $100 mlrdga yetkaziladi

Joriy yilda YaIMni kamida 6%ga ko‘paytirib, $100 mlrdga yetkazish reja qilingan. Lekin, o‘tgan yili sanoat 6% o‘sgani bilan, ishlab chiqarishda qo‘shilgan qiymat 40%dan oshmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

“Bu raqamlar bizni qoniqtirmaydi. Bular asosan importga qaramlik va energiya iste’moli yuqoriligi hamda ortiqcha xarajatlar ko‘pligi sababli bo‘lmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Yirik sanoat tarmoqlariga soliq yuki kamaytirilgan bo‘lsa-da, ko‘p tarmoqlar davlatga tushumni ta’minlash o‘rniga xarajatini oshirayotgani qayd etildi. Jumladan, 10ta yirik korxonada xarajatlar daromaddan tezroq o‘sgani kuzatilgan.

Bundan buyon, sanoatda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari birinchi bosqichda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan va bozori bor mahsulotlar uchun beriladi.

Mas’ullarga 2024-yilda qo‘shilgan qiymatni 45%dan oshirish, tannarxni 15%ga kamaytirish, umuman, sanoatda 7% o‘sishni ta’minlash bo‘yicha korxonabay chora-tadbir tasdiqlab, amalga oshirish topshirildi. Yirik tarmoqlarda tannarxni 20 trln so‘mga, debitor qarzdorlikni 8 trln so‘mga kamaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Quyidagilarga har oyda kamida 2tadan tarmoqni tahlil qilib, qanday qilib tannarxni kamaytirish, qo‘shilgan qiymat va mehnat unumdorligini oshirish hamda yangi imkoniyatlarni ishga solish mumkinligini ko‘rsatib berish vazifasi qo‘yildi:

  • Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi;
  • Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti;
  • Strategik islohotlar agentligiga.

Joriy yilda iqtisodiyotda samaradorlikni oshirish hisobiga YaIMning kamida 6% o‘sishini ta’minlash iqtisodiy kompleks rahbariyatining asosiy vazifasi etib belgilandi.


Hududlar rahbarlari budjet ssudalari qaytarilmayotgani holatlari bo‘yicha ogohlantirildi

Yig‘ilishda moliyaviy intizomni kuchaytirib, 2024-yilda budjet defitsitini 4%dan oshirmaslik zarurligi ta’kidlandi.

O‘tgan yili ko‘plab davlat korxonalari dividend va soliq to‘lovlari bo‘yicha budjetga 8 trln so‘m tushumni ta’minlay olmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Hududlar rahbarlari ajratilgan budjet ssudalari qaytarilmayotgani holatlari bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirildi.

Sirdaryo va Jizzaxda soliq tushumlari 20% o‘sgan bo‘lsa, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 7%ga ham yetmagani tanqid qilindi.

Yuridik shaxs maqomidagi 18 mingta ovqatlanish korxonasidan atigi 2 300tasi QQS to‘lovchi hisoblanadi. Ular tovar aylanmasini 1 mlrd so‘mdan oshirmaslik uchun bitta oshxonaga 3−4 tadan firma ochib qo‘ygan.

Bunday holatlar bo‘yicha mahalladagi soliqchi, tuman soliq boshliqlari va o‘rinbosarlarining ishi sustligi ko‘rsatib o‘tildi.


Bojxona qo‘mitasiga imtiyoz bilan kirgan tovarlarni o‘rganib chiqish topshirildi

Prezident bojxonada ham bor imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotganini qayd etdi. Masalan, o‘tgan yili import bo‘lgan $20 mlrdlik tovarlarga salkam 60 trln so‘mlik imtiyoz qo‘llanilgan.

Lekin bu imtiyozlarning qanchasi maqsadli va samarali qo‘llangani bo‘yicha bojxonada tahlil yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qo‘llangan imtiyozning bor-yo‘g‘i 3,2 trln so‘mi o‘rganilganda, ularning 420 mlrd so‘mi yoki 13%i maqsadsiz qo‘llangani ma’lum bo‘ldi.

Shu bois, Bojxona qo‘mitasiga imtiyoz bilan kirgan tovarlarni korxonabay o‘rganib chiqish topshirildi.

Umuman, bu yil qo‘shimcha manbalar hisobidan Soliq qo‘mitasi 40 trln so‘m, Bojxona qo‘mitasi esa kamida 15 trln so‘m tushumni ta’minlashi muhimligi ta’kidlandi.

Tahlillar xizmatlar, qurilish, sanoat sohalarida o‘nlab trillion so‘mlik mahsulot “soya"da qolayotganini ko‘rsatmoqda. Bu orqali YaIMga 135 trln so‘m, budjetga 30 trln so‘m tushum yo‘qotilmoqda.

Masalan, qurilish korxonalarining 41%i hisobotida faqat 1ta ishchisini ko‘rsatgan. Bu korxonalar o‘tgan yilning o‘zida 4 trln so‘mlik qurilish ishlarini bajargan.

Yoki kamida 25 gektardan yeri bor 5 mingta meva-sabzavotchilik fermer xo‘jaligida 1tadan rasmiy ishchi ro‘yxatdan o‘tgan.

“Bir narsani aniq tushunish zarur. Yashirin iqtisodiyot, avvalambor, to‘g‘ri ishlayotgan tadbirkorlar faoliyatiga katta to‘siq bo‘layapti. Bugungi kunda intizomli tadbirkorlar „qani adolatli raqobat“ degan haqli e’tirozlarini ko‘p-ko‘p aytayapti”, — dedi davlat rahbari.


Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytiriladi

Hozirda yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan 14ta organ tarqoq holda shug‘ullanmoqda. Ularning faoliyatini muvofiqlashtiradigan yaxlit ish tizimi yo‘q.

Shuning uchun yashirin iqtisodiyot bilan kurashish yangi pog‘onaga olib chiqilishi qayd etildi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytiriladi.

Shu paytgacha departamentning tergov yuritish vakolati bo‘lmagani va qonunlarda juda ko‘p huquqiy kolliziyalar mavjudligi sababli samarali ishlay olmadi.

Misol uchun, hozirgi kunda “obnal firma"ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish olti oygacha vaqt oladi. Bu davrda qo‘shtirnoq ichidagi uddaburonlar barcha noqonuniy ishlarini yakunlashga ulguradi.

Shulardan kelib chiqib, departament chuqur tahlil, tezkor-qidiruv, taftish va o‘zi tergov qiladigan idoraga aylanadi. Uning rahbari bir vaqtning o‘zida Bosh prokuror o‘rinbosari bo‘ladi.


Bosh prokuraturada yashirin iqtisodiyot bo‘yicha alohida boshqarma tashkil etiladi

Departamentga yangi axborot tizimlari, maxsus vositalar olib beriladi, iqtisodiy sohalar va chet tillarini biladigan, fidoyi va vatanparvar mutaxassislar tanlab olinadi.

Departament huzurida Ilmiy-tahliliy va o‘quv markazi ochiladi. Markaz yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab, ilg‘or xorijiy tajriba asosida takliflar ishlab chiqadi, tizim xodimlarini iqtisodiy jinoyatlarni aniqlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitadi.

Shu bilan birga, Bosh prokuraturada ham yashirin iqtisodiyot bo‘yicha alohida boshqarma va uning hududiy bo‘limlari tashkil qilinadi.

Departament 5ta muhim yo‘nalish: qurilish, farmatsevtika, alkogol va tamaki, noqonuniy import, naqdlashtirish va kapitalni noqonuniy chetga olib chiqish borasida keskin o‘zgarish qilish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.


Yetakchi loyiha tashkilotlarini yaxshilash bo‘yicha qaror ishlab chiqiladi

Yig‘ilishda budjet mablag‘larining sarflanishi samaradorligi tahlil qilindi. Jumladan, sog‘liqni saqlashga kompyuter olish uchun ajratilgan 20 mlrd so‘m 2 yildan beri ishlatilmasdan turibdi.

Fermer, dehqon va tomorqa yer egalariga 51 turdagi subsidiyalar uchun so‘nggi ikki yilda 5,4 trln so‘m ajratildi, lekin talablar murakkab bo‘lgani uchun 15 turdagi subsidiya ikki yil davomida hech kimga berilmagan.

Bundan tashqari, qurilishda xarajatlarni 30−40%ga qisqartirish lozimligi ta’kidlandi. “Iqtisod qilish — ish hajmini qisqartirish emas, loyihani to‘g‘ri qilish, „shishirilgan“ xarajat va ortiqcha hashamatni kesish hisobidan bo‘lishi kerak”, dedi prezident.

Bu borada loyiha institutlari faoliyati, yondashuvlari va mas’uliyatini tubdan o‘zgartirish kerakligi qayd etilib, hukumatga yetakchi davlat loyiha tashkilotlarini takomillashtirish bo‘yicha qaror kiritish topshirildi.


Endilikda har yili mahsulotlarni ko‘paytirish bo‘yicha maxsus hukumat qarori qabul qilinadi

Mutasaddilarga o‘tgan yil boshida benzin bo‘yicha yetarli zaxira qilish topshirig‘i berilgan. Narx oshmasligi uchun benzin bir yil davomida aksiz solig‘idan ozod qilingandi.

Shunga qaramay, benzin o‘tgan yil davomida o‘rtacha 19%ga qimmatladi. Bu transport xarajatlari qimmatlashib, ishlab chiqarish va eksportda tannarx oshgani bilan izohlandi.

“Takror va takror aytaman. Inflyatsiya — aholi va biznes daromadlari uchun soliq. Uni jilovlamasak, kambag‘allik kamaymaydi, iqtisodiy o‘sish bo‘lmaydi”, — dedi prezident.

Kelgusi yilda butun dunyoda oziq-ovqat narxlari oshishi ehtimoli yuqori. Mahsulotlar inflyatsiyasini faqat oziq-ovqatni ko‘paytirish orqali jilovlash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda har yili mahsulotlarni ko‘paytirish bo‘yicha maxsus hukumat qarori qabul qilinadi. Har bir tarmoq vaziriga narx barqarorligini ta’minlash bo‘yicha KPI belgilanadi. Har haftada Hukumat yig‘ilishidagi birinchi masala inflyatsiyani jilovlashga bag‘ishlanadi.


123ta hokim yordamchilari to‘liq yangilanadi

Kambag‘allikni keskin kamaytirish uchun odamlarga doimiy daromad keltiradigan ish o‘rinlarini yaratish zarurligini qayd etdi davlat rahbari.

O‘tgan yili 16ta tuman va shaharda doimiy ish o‘rinlarini yaratish rejasi 70%ga ham bajarilmagani ko‘rsatildi. Bandlik idoralari esa ish so‘rab kelgan odamlarga osongina nafaqa tayinlashga o‘tib olgani tanqid qilindi.

Shuningdek, mamlakatdagi 319ta mahallada hokim yordamchilari aholini biznesga jalb qilish, bandlikni oshirish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha natija ko‘rsata olmagani qayd etildi.

Jumladan, Sh.Rashidov, Pastdarg‘om, Angor tumanlari, Andijon va Termiz shaharlaridagi 123ta hokim yordamchisining aholini tadbirkorlikka jalb qilish ishlari qoniqarsiz. Ularni to‘liq yangilash va tajribali hokim yordamchilarini biriktirish vazifasi qo‘yildi.


100 mingta fuqaro xorijga ishga jo‘natiladi

Bandlik tizimiga kiruvchi kasbga tayyorlash muassasalari faoliyati talab darajasida emasligi ta’kidlandi.

Masalan, hozirda chet elda ishlayotgan fuqarolarning aksariyati oddiy va og‘ir, kam ish haqi to‘lanadigan mehnat bilan shug‘ullanadi.

Yevropa, Osiyo mamlakatlari bilan kelishuvlar doirasida 150 mingta ishchiga buyurtma berilgan bo‘lishiga qaramay, bor-yo‘g‘i 9 ming ishchi yuborildi.

Shu munosabat bilan tashqi mehnat migratsiyasi tizimidagi ishlarni lozim darajada tashkil qilish muhimligi qayd etildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ish o‘rinlarini yaratish va aholini kasbga o‘qitish borasidagi kamchiliklarni bartaraf etib, 100 ming ishchiga kasb-hunar va til o‘rgatib, uyushgan holda chet el korxonalariga ishga yuborish vazifasi qo‘yildi.

Ayni paytda yig‘ilishda iqtisodiy kompleks hamda hududlar rahbarlarining axboroti tinglanmoqda.