Hukumat qarori bilan davlat ta’lim muassasalarida dars o‘tish uchun foydalaniladigan o‘quv-uslubiy filmlarni ishlab chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, ta’lim muassasalarida dars o‘tish uchun foydalaniladigan o‘quv-uslubiy filmlar mavzulari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Har yili 30-yanvargacha filmlarning tasdiqlangan mavzulari ro‘yxati Kinematografiya agentligiga taqdim etiladi. Agentlik har yili 50tagacha film ishlab chiqaradi.
Bunda filmlarning mavzulari o‘quvchi va talabalar o‘zlashtirishi murakkab bo‘lgan fanlar, ularning asoslari, mavzulari (formula, teorema, qonuniyatlari) asosida shakllantiriladi.
Filmlarni joylashtirish uchun joriy yilning 1-apreligacha o‘quv-uslubiy filmlar portali va mobil ilovasi yaratiladi.
Avvalroq o‘zbek tilidagi adabiyotlar jamlanadigan mobil ilova yaratilishi haqida xabar berilgandi. Xorijiy kitoblarni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish bilan bog‘liq davlat xaridlari talabgorlar o‘rtasida eng yaxshi takliflarni tanlash hamda tender o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.