Surxondaryodagi ayrim AYoQShlarda sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ayrim “zapravka"larda “Ai-80” markali benzini “Ai-95” markasida ko‘rsatilib, qimmat narxlarda sotilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Viloyat hokimining tegishli ko‘rsatmasi bilan mazkur holatlarga chek qo‘yish va ularning oldini olish bo‘yicha belgilangan ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, hokimlik hududlar kesimida 15-yanvar kuni AYoQShlarga yetkazib berilgan benzin hajmlari, mavjud qoldiq va markalari haqidagi jadvalni ham ilova qilgan.

Iste’molchilardan benzin xarid qilishda e’tiborli bo‘lishni, yuqoridagi kabi holatlarga uchraganda huquqni muhofaza qiluvchi yoki soliq organlariga murojaat qilishni so‘ragan.

Dekabr oyida Andijon viloyatidagi AYoQShlarning Ai-80 benzinini Ai-92 yoki Ai-95 markali benzin sifatida sotayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Mamlakatda benzinga ehtiyoj ortishi fonida Buxoro va Farg‘ona NQZlarning benzin ishlab chiqarish hajmi 4 ming tonnaga oshirildi.