15-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasida qilingan ishlar va keyingi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda sohaga yiliga 1 trln so‘mdan mablag‘ ajratilib, zarur sharoitlar yaratilmoqda. Natijada 31 ming kvadrat kilometr yangi hududlar o‘rganildi.
Xususiy sektor uchun yaratilgan imkoniyatlar evaziga noruda konlarga investorlar jalb qilindi. Sohada $1,7 mlrdlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Taqdimotda sohada hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi, konlar va ularni o‘zlashtirish ko‘lamini kengaytirish mumkinligi qayd etildi. Istiqbolli loyihalar, xususan, joriy yilga mo‘ljallangan rejalar to‘g‘risida axborot berildi.
Davlat rahbari yaqin va uzoq istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi. Bu sohada “uzoqni ko‘zlash va zamondan ilgari yurish” muhimligi ta’kidlandi.
Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, aniqlangan zaxiralarni samarali o‘zlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Sohaga xorijiy texnologiyalar va investitsiyalar jalb qilishni davom ettirish, bu orqali geologik qidiruvlar va qazib olish natijadorligini oshirish vazifalari qo‘yildi.
Aholi, ijtimoiy soha va sanoat tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqib, ko‘mir qazib chiqarish hajmini 22%ga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, xorijiy tajriba asosida, boyitish chiqindilarini qayta ishlash masalasiga to‘xtab o‘tildi.
Davlat rahbari 2023-yilning noyabrida istiqbolli geologiya maydonlarini o‘zlashtirish bo‘yicha vazifalar qo‘ygandi. Dekabrda 2024-yilga mo‘ljallangan geologiya-qidiruv dasturi bilan tanishdi.
3,5 ming kvadrat kilometr maydonda seysmik ishlar olib borish hamda yangi qidiruv quduqlarini qurishga xorijiy investitsiyalar jalb etish, tarmoq korxonalarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, prezident mamlakatning ayrim hududlarida aholiga ko‘mir tarqatish tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, yetkazib berilgan ko‘mirni yuqori narxlarda noqonuniy sotish va talon-toroj qilishga yo‘l qo‘yilayotganini qayd etgandi.