Turkiyaning “Minessi A.S” kompaniyasi Sirdaryoda issiqxona barpo etadi. Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Turkiya kompaniyasi boshqaruv raisi Yasin Kaplanni qabul qildi. Uchrashuvda Mirzaobod tumanida suv va energiya tejovchi texnologiyalarga asoslangan issiqxona majmuasini qurish loyihasi muhokama qilindi.

Majmuaning umumiy qiymati $500 mlnni tashkil etib, issiqxona yagona tizimga ulangan 4ta blokdan iborat bo‘ladi.

Bunda sabzavotlar, qulupnay, gul va gul ko‘chatlari, meva va mevali daraxt ko‘chatlari alohida-alohida bloklarda yetishtiriladi.

Har bir blokda mahsulotlarga ishlov berish, saralash va qadoqlash uchun yopiq maydonlar tashkil qilinadi. Qadoqlash uchun zarur bo‘ladigan gofrakarton va plastik idishlarni shu yerning o‘zida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Loyiha natijasida majmuada 750ta doimiy ish o‘rni yaratiladi. Issiqxonada yetishtirilgan mahsulotlar asosan BAA va Saudiya Arabistoni davlatlariga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda.

Dastlabki bosqichda majmuada quyosh va shamol energiyasidan foydalanilib, keyinchalik 10 MVt quvvatga ega elektr stansiyasi qurilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, isitish uchun geotermal energiya manbalaridan foydalanish imkoniyati bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi.

Dekabr oyida Toshkent viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan 3ta issiqxona aniqlangandi. Fuqarolar tizimga gaz hisoblagichlarsiz o‘zboshimchalik bilan ulanib, 526 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazgan.