Avvalroq prezident raisligida iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hukumat oldidagi muhim vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda bank tizimi barqarorligini ta’minlash hamda kredit foiz stavkalarini tushirish masalalariga to‘xtalib, bozor mexanizmlari asosida kredit stavkalarini kamida 2−3%ga tushirish muhimligi qayd etildi.

Banklar resurs yo‘qligi sababli kredit foizi yuqori, deyishga o‘rganib olgan. Muammoli kreditlarni undirishning o‘zidan 25 trln so‘mlik kreditga resurs topish mumkin. Masalan, Jizzax, Surxondaryo va Sirdaryoda muammoli kreditlar ulushi 10%ga yetgan.

Tarmoq rahbarlari, hokimlar 9 trln so‘m kreditlar hisobiga ishga tushgan 2 342ta loyiha past quvvatda ishlayotganini tahlil qilib, ularning muammolarini hal qilishda ko‘maklashmayotgani tanqid qilindi.

Endilikda Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman kredit olgan korxonalarning to‘liq quvvatda ishlab ketishiga ko‘maklashadi.

Hokimlar, banklar kredit berishdan oldin loyiha qancha ish o‘rin yaratishi, budjetga qancha tushum bo‘lishini hisob-kitob qilish tizimiga o‘tadi va samarasiga shaxsan javob beradi.

Avvalroq ITIM tahlili 2023-yilda biznesni yuritishga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadigan to‘siqlarga moliyalashtirishdan foydalanish bilan bog‘liq qiyinchiliklar kirishini qayd etgandi.