Avvalroq prezident raisligida iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hukumat oldidagi muhim vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Majlisda 2023-yili budjetdan 1,2 trln so‘mlik noqonuniy xarajat hamda 200 mlrd so‘mlik kamomad va o‘g‘riliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.

Masalan, Jizzax politexnika institutida haqiqatda ishlamagan 110ta fuqaroga, qariyb 10 mlrd so‘m ish haqi hisoblab, noqonuniy o‘zlashtirilgan.

Namangan, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari “Yagona buyurtmachi xizmati” kompaniyalari 18ta obyektda amalda bajarilmagan 50 mlrd so‘mlik ishlarni hisobotlarga qo‘shib yozgan.

Sergeli obodonlashtirish boshqarmasida aslida ishlamagan xodimlarga 4,3 mlrd so‘m to‘langan. Qo‘shrabot ta’lim bo‘limi buxgalteri tomonidan esa 3 mlrd so‘m naqd pul va 1,5 mlrd so‘m mablag‘ plastik karta orqali noqonuniy o‘zlashtirilgan.

“O‘zgidromet” rahbariyati budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan asossiz 1,3 mlrd so‘m ssuda olgan hamda o‘zlariga bir necha karra ko‘p mukofotlar yozib kelgan.

Majlisda o‘zlariga asossiz ravishda mukofotlar va boshqa moddiy rag‘batlantirish pullarini yozib kelayotgan davlat tashkilotlari rahbarlari bilan bog‘liq holatlar tekshirilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, mablag‘larning budjetga qaytarilishi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi faoliyati mutlaqo qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Inspeksiya faqat kamchilik aniqlaydigan idoraga aylanib qolgani, profilaktika bilan esa ishi yo‘qligi, tizimida korrupsiya ulushi yuqoriligi tanqid qilindi.

Budjet mablag‘ini taqsimlash ham, uni nazorat qilish ham bitta vazirlikda bo‘lishi noto‘g‘ri ekani ta’kidlandi. Shu bois Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi ham Bosh prokuratura Departamentiga o‘tkaziladi.

Shu bilan birga Hisob palatasi xodimlari budjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan 12ta vazirlikka biriktiriladi. Vazirliklarning har bir xarajati ular bilan kelishilgandan keyin amalga oshirilishi belgilandi.

Umuman, Departament va Hisob palatasi birgalikda ishlab, yashirin iqtisodiyotni jilovlash va budjet mablag‘larini to‘g‘ri sarflanishi uchun javobgar bo‘ladi.

O‘tgan yilda inflyatsiya 9%dan pasaydi. Lekin ko‘plab masalalar narx-navo oshib, odamlar norozi bo‘lganidan so‘ng, “qo‘l boshqaruvi” bilan hal bo‘layotgani qayd etildi.

Masalan, narx qimmatlagani uchun 61 turdagi iste’mol mahsulotlariga nisbatan bojxona bojlari bekor qilindi. Joylardagi iqtisod bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, viloyat va tumanlardagi iqtisodiyot bo‘limlari rahbarlari ushbu mahsulotlarni mamlakatda ko‘paytirish orqali inflyatsiyani jilovlashni o‘ylamayotgani tanqid qilindi.

Farg‘ona, Jomboy, Elliqqal’a, Parkent tumanlari va Yangiyo‘l shahrida mol go‘shti, Konimex, Oltinko‘l, Bo‘ston tumanlari va Zarafshon shahrida tuxum narxi oshganiga ushbu hududlar rahbarlari xotirjam qarab o‘tirgani qayd etildi.

Bosh vazirga ushbu tuman-shahar hokimlari va sektor rahbarlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.